20:12 / 06.11.2015
19533

Rustam Azimov: O‘zbekistonda milliarderlar yo‘q va bo‘lmagan ham

Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro investitsion anjumanda O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari va moliya vaziri Rustam Azimov O‘zbekiston hukumati 2015-2020 yillarda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish dasturini amalga oshirish hisobiga yalpi ichki mahsulotning o‘rtacha yillik o‘sishini 8 foiz darajasida ta'minlashni rejalashtirayotganini aytdi.

Rustam Azimovning aytishicha, O‘zbekiston shu yillar davomida sanoat, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish va tranzit salohiyatini oshirish bo‘yicha umumiy miqdori 51 mlrd dollardan ko‘proqni tashkil qiladigan loyihalarni amalga oshiradi.

“O‘zbekiston polietilen va polipropilen ishlab chiqarish bo‘yicha Ustyurt gaz-kimyo majmuasini qurish loyihasini yakunladi. O‘zbekistonda sintetik yonilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha zavod va olefin ishlab chiqarish bo‘yicha kimyo majmuasi hamda piroliz benzin ishlab chiqaruvchi zavod qurilmoqda. Belgilangan dasturlarni amalga oshirish sanoat ishlab chiqarish o‘sishi o‘rtacha yillik sur'atlarini 9 foiz darajasida bo‘lishini ta'minlashga imkon beradi. Bunda sanoat tarmog‘ining YaIM strukturasidagi ulushi 30 foizgacha oshadi”, deb aytdi Azimov.

Azimovning fikricha, O‘zbekiston MDHning ba'zi davlatlarining tabiiy zaxiralar qazib olishga ixtisoslashtirilgan yirik korxonalarni hukumatga yaqin ba'zi abjir fuqarolarga deyarli suvtekinga berilishi kabi ayanchli tajribasini takrorlash niyatida emas. Azimovning fikricha, buning oqibatida bunday abjir odamlar umumxalq boyligi hisoblangan tabiiy boyliklarni xususiylashtirishi natijasida boyib, davlat byudjyeti esa aksincha, davlat o‘zining asosiy vazifalarini bajara olishi uchun zarur bo‘lgan mablag‘larning surunkali taqchilligini his qila boshladi.

"Biz bunday yo‘ldan borishdan boshdanoq voz kechdik. O‘zbekistonda milliarderlar yo‘q, bo‘lmagan ham. Lekin mustahkam o‘rta sinf vakillari shakllangan, bu esa o‘z navbatida, doimiy ravishda davlat byudjyetini profitsit bilan qoplash imkonini beradi", dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Moliya vazirining ma'lum qilishicha, 2016-2020 yillarda O‘zbekiston Osiyo taraqqiyot banki va Jahon banki bilan moliyaviy sektor, qishloq xo‘jaligi, elektr energetikasi, infratuzilma, sog‘liqni saqlash va ta'lim sohalarida 12 mlrd dollardan ko‘proq mablag‘ga loyihalar amalga oshirmoqchi.

Top