22:12 / 06.11.2015
3461

Qozog‘iston prezidenti terrorchilikka qarshi yagona front bilan kurashishni taklif qildi

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev xalqaro terrorchilik, xususan IShIDga qarshi yagona front bilan kurashish zarur, deb hisoblamoqda. Bu haqda Nazarboyev 6 noyabrda YuNeSKO bosh anjumanining 38-sessiyasidagi nutqida aytib o‘tdi.

“Bugun qadimiy Mesopotamiya – dunyo sivilizatsiyalari va asosiy dinlar belanchagi bo‘lgan yerlar vahshiyona vayronagarchilik va talonchilikka uchradi. IShID deb ataluvchi terrorchilik guruhining harakatlari Yaqin Sharqning noyob tarixiy-madaniy merosiga o‘rnini qoplab bo‘lmaydigan ziyon yetkazmoqda. Qozog‘iston terrorchilik va ekstremizm va uning barcha ko‘rinishlarini qat'iyan qoralaydi. Biz xalqaro terrorchilik va ekstremizmga qarshi BMT nomi ostida dunyo bo‘yicha yagona tarmoqni ta'sis qilishni taklif qilamiz”, deb aytdi qozoq elboshisi.

Nursulton Nazarboyevning aytishicha, “islom radikalizmiga qarshi sa'y-harakatlar uning tinchliksevar islom va boshqa dinlar bilan tenglashtirilishiga olib kelishi kerak emas”, ekstremizmga esa “madaniyatlararo va dinlararo suhbat asosidagina” qarshi turish mumkin. Nazarboyevning ta'kidlashicha, Qozog‘iston tomonidan bildirilgan “Islom terrorchilikka qarshi” anjumani g‘oyasi ham aynan shu masalalarga qaratilgan.

Top