09:04 / 06.11.2015
4659

Shamsiddin Vahobov 14 yoshli shaxmatchilar o‘rtasida jahon chempioni bo‘ldi

Gretsiyaning Xalkidiki shahrida shaxmat bo‘yicha 8 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi jahon chempionati yakunlandi. Musobaqa shveysarcha tizimda o‘tkazilib, g‘olib va sovrindorlar 11ta tur yakuniga ko‘ra aniqlandi.

Jahon chempionatida 122 davlatdan 1600 nafardan ziyod shaxmatchilar o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishdi. Ular orasida O‘zbekiston sharafini Mamatqul Haylayev va grossmeyster Marat Jumayev murabbiyligidagi 15 nafar yosh shaxmatchilar himoya qilishdi.

14 yoshli o‘smirlar guruhida ishtirok etgan Shamsiddin Vohidov 11 imkoniyatdan 9 ochko jamg‘arib, o‘z yosh toifasida jahon chempioniga aylandi. Bu haqda "Olamsport.som" nashri xabar bergan.

Xabar qilinishicha, Vahobov so‘nggi 11-turda oq donalarda o‘zi singari 8 ochko jamg‘arib turgan rossiyalik Timur Faxrutdinovni mag‘lubiyatga uchratdi. Shamsiddin singari 9 ochko jamg‘argan yana bir rossiyalik shaxmatchi Andrey Yesipenko qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra kumush medal bilan taqdirlandi. 8,5 ochko to‘plagan eronlik Aryan Golami bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Ta'kidlash joiz, Shamsiddin Vohidov o‘z guruhida 12-raqam ostida tasniflangan edi.
O‘zbekistonning yana bir vakili Nodirbek Abdusattorov 12 yoshli shaxmatchilar orasida 8,5 ochko bilan kuchli to‘rtlikdan joy oldi. Agar Nodirbek kecha so‘nggi turda hindistonlik Sarin Nixalni mag‘lubiyatga uchratganida, u ham Shamsiddin singari jahon chempioniga aylanardi.

Islombek Sindarov 8 yoshlilar guruhida 8 ochko bilan 5-o‘rinni egalladi. Javohir Sindarov 10 yoshlilar orasida 8 ochko bilan 8-pog‘onada joylashdi. Ketma-ket mag‘lubiyatlarni qabul qilib olgan Bahora Abdusattorova 6 ochko bilan 28-o‘rinda qoldi.

Jahon chempionati yakunida O‘zbekiston terma jamoasi 1ta oltin medali bilan umumjamoa hisobida Ozarbayjon, Gretsiya va Germaniya terma jamoalari qatorida 4-7 o‘rinlarni bo‘lishib oldi. 5ta oltin, 3ta kumush, shuncha bronza medali jamg‘argan Hindiston terma jamoasi kutilganidek birinchi bo‘ldi.

Top