17:34 / 06.11.2015
2608

Xitoy va Vetnam bahsli orollar hududida tinchlikni qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldi

Xitoy va Vetnam Janubiy Xitoy dengizida tinchlikni qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldi, deya xabar qildi Reuters.

Mazkur qaror XXR yetakchisi Si Tszinpinning Vetnamga tashrifi yakunlari yuzasidan imzolandi. Hujjatda Janubiy Xitoy dengizida tinchlik va barqarorlikning ta'minlanishi zarurligi, shuningdek, tomonlar akvatoriyada, shu jumladan, bahsli orollar hududida vaziyatning keskinlashuviga olib keladigan xatti-harakatlarni amalga oshirmaslik majburiyatini zimmasiga olgani haqida so‘z boradi.

Xitoy yetakchisi Vetnamga 5 noyabr kuni ikki kunlik tashrif bilan kelgan edi. The South China Morning Post nashrining xabar berishicha, XXR yetakchisi Vetnam Kommunistik partiyasi bosh kotibi Nguyen Fu Chong bilan muzokaralar o‘tkazib, Janubiy Xitoy dengizidagi vaziyat, harbiy aloqalarni kuchaytirish va kiberxavfsizlik sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Shuningdek, Xitoy Vetnamga infratuzilmalarni rivojlantirish, maktab va shifoxonalar qurish uchun 700 million dollar miqdorida kredit ajratishga va'da berdi.
Bu yerda gap Spratli orollari to‘g‘risida ketmoqda. Ularga bir vaqtning o‘zida Vetnam, Filippin, Bruney, Malayziya va Xitoy da'vogarlik qilmoqda. Arxipelag neft va gazga boy, deya hisoblanishi bilan birga, mazkur orollar dengiz savdo yo‘llari o‘tgan hudud sifatida strategik jihatdan muhim hisoblanadi.

Top