22:42 / 09.11.2015
5827

Bloomberg: Rossiya sanksiyalar ostida yana bir yil beziyon o‘tkazishi mumkin

Rossiya G‘arb sanksiyalari ostida yana bir yilni beziyon o‘tkazishi mumkin, biroq undan keyin unga ancha qiyin bo‘ladi, deb ta'kidlamoqda Rossiya kompaniyalarining tashqi qarzlari hajmini tahlil qilgan Bloomberg agentligi.

“Rossiya yana bir yil sanksiyalarni pisanda qilmasligi mumkin, aqalli obligatsiyalar bozori nuqtai nazaridan”, deb ta'kidlamoqda agentlik.

2016 yilda Rossiya kompaniyalari to‘lashi kerak bo‘lgan qarzlar hajmi 2015 yildagiga nisbatan 44 foiz kamroq bo‘ladi va 16,7 mlrd dollarni tashkil qiladi. Bu summaning asosiy qismi to‘g‘ri keladigan davlat kompaniyalari davlatning ko‘magiga ishonsalar bo‘ladi va savdolar hajmining 2001 yildagi minimum qiymatlargacha tushishiga qaramasdan, to‘lovlar bo‘yicha oxirgi muddatlarni uncha katta muammolarsiz o‘tishlari mumkin.

Kompaniyalar 2016 yilni muammolarsiz o‘tsalarda, 2016-2017 yillar uchun ular umumiy hisobda 72 mlrd dollarlik qarzni uzishlari kerak bo‘ladi va ana shunda kompaniyalar jiddiy muammolarga duch kelishlari mumkin, deb aytmoqda agentlik.

Avvalroq Handelsblatt nashri anonim manbalarga iqtibos keltirgan holda Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yana yarim yilga uzaytirmoqchiligini ma'lum qilgandi. O‘z navbatida Kremlda sanksiyalar borasida “gazetalarda beriladigan xabarlarga” izoh berilmasligi aytilgan.

Top