Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti o‘tkazgan tadqiqot natijalariga qaraganda, spirtli ichimliklar ichish hajmining eng yuqori darajasi Litvada qayd qilingan. Bu mamlakatning har bir fuqarosi yiliga 14 l spirtli ichimlik ichadi, deb yozadi Britaniyaning Independent nashri.
Undan keyingi o‘rinlarda Avstriya, Estoniya va Chexiya turibdi – ularda har bir kishi 11-12 l spirtli ichimlik iste'mol qiladi. Beshinchi o‘rinni Rossiya egalladi.
Reyting oxirida Indoneziya turibdi – ushbu davlat aholisi deyarli ichmaydi. Eng xushyor davlat ro‘yxatida undan keyingi pog‘onalarni Turkiya, Hindiston va Isroil band qildi (o‘rtacha 1-3 l).
Tashkilot tadqiqot doirasida turli davlatlarning bu boradagi 2000 yilgi ko‘rsatkichlarini 2013 yil ma'lumotlari bilan qiyoslab chiqdi.
Tahlilda ta'kidlanishicha, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan quyiroq maqomda turgan erkaklar boshqalarga nisbatan ko‘proq ichishadi. Ayollarda esa teskari tendensiya kuzatiladi.