17:34 / 10.11.2015
4542

Miyaga birinchi marta dori ultratovush yordamida to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritildi

Kanadalik shifokorlar tarixda birinchi marta gemato-entsefalik to‘siqni yengib o‘tib, kimyo-terapevtik preparatni bevosita miya to‘qimalariga yubora oldi. Bu haqda The Motherboard nashri yozmoqda.

Gemato-entsefalik to‘siq qon-tomir va markaziy nerv tizimlari o‘rtasidagi hujayra filtri bo‘lib, u miyani mikroblar, toksinlar hamda bu organga zararli bo‘lgan immun tizimi omillaridan asraydi. U orqali miyaga faqat oziq moddalari kirib, nerv to‘qimasi faoliyatining chiqindi moddalari chiqib ketadi.

Sannibruk universiteti shifoxonasi xodimlari o‘tkazgan muolaja chog‘ida kimyo-terapevtik moddalar to‘siqdan ultratovush yordamida o‘tkazildi. Ular dorini qon-tomir yo‘li orqali yuborib, bu modda ichida mayda havo zarralari bor edi. Olimlar bu zarralarni miyaning tegishli qismlarida kengaytirib, gemato-entsefalik to‘siq hujayralari to‘rlarida kichik “tirqishlar” hosil qila oldi.

Ular orqali dori to‘g‘ridan-to‘g‘ri miyaga bordi. Havo pufakchalarining o‘zi esa qon-tomir tizimida qolib, bir necha daqiqadan so‘ng o‘pkada g‘oyib bo‘ldi. To‘siqdagi tirqishlar esa 8-12 soat davomida saqlanib turdi.
Agar keyingi tajribalar metodning samaradorligini tasdiqlasa, shifokorlar miya kasalliklarini davolashda yangi imkoniyatlarga ega bo‘ladi.

Top