16:26 / 10.11.2015
7552

Tailandda yer yuzining eng novcha kishisi olamdan o‘tdi

Tailand shimoli-sharqidagi Surin viloyatida dunyodagi eng baland bo‘yli inson sifatida qayd etilgan 26 yoshli Pornchay Saosri vafot etdi. Uning bo‘yi balandligi 2 metru 69 santimetrni tashkil etardi.

Mahalliy nashrlar ma'lumotlariga ko‘ra, Pornchay ko‘plab kasalliklardan aziyat chekardi. U kasalxonada olamdan o‘tgan. Tailandning eng novcha odami oxirgi yillarda to‘shakka mixlanib qolgandi. U keyingi 1 yil ichida 72 kg vazn tashlagan, 12 santimetrga cho‘zilgan.

Ushbu "tailandlik Gulliver"ning onasining aytishicha, uning o‘g‘li 6-sinfgacha odatdagi bolalar kabi bo‘lgan. 6-sinfdaligida esa u bag‘oyatda tez o‘sa boshlagan. Unda kuchli gormon yetishmovchiligi kuzatilgan.

Saosrilar oilasi o‘ta nochor ahvolda yashaydi va dehqonchilik bilan shug‘ullanishadi. Ularning bor boyligi - sholi ekiladigan 1 ga yer va 4ta ho‘kizdan iborat. 1 oy oldin mahalliy nashrlarda Pornchay Saosri murojaati chop etilganidan keyin, uning uchun xayriya mablag‘i yig‘ila boshlandi. 1 oy ichida 100 ming bat yig‘ilgan (2,8 ming dollar). Bu pullar yigitning davolanishi uchun sarflashga mo‘ljallangandi, lekin endi bu pullar uning dafn marosimi uchun sarflanadi.

Surin viloyatidagilar Pornchayni dunyoning eng baland bo‘yli kishisi sifatida Ginnes rekordlar kitobiga kiritishni maqsad qilishgandi, biroq bunga ulgurishmadi. Ayni vaqtda Ginnes kitobida Yer yuzining eng novcha kishisi sifatida turkiyalik Sulton Kesenning nomi qayd etilgan (251 sm).

Top