07:15 / 11.11.2015
3467

Kuala-Lumpurdan Toshkentga 311 dona ananas yashirin tarzda olib kirilishi to‘xtatib qolindi

“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan Toshkent xalqaro aeroportida bir nechta bojxona qoidabuzarliklari fosh qilindi. Bu haqda “Toshkent-Aero” IBK axborot xizmati xabar berdi.

Jumladan, “Kuala-Lumpur - Toshkent” reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan toshkentlik fuqarolar B.Ja'farov, R.Saidov va A.Qahramonov (barcha ism shariflar o‘zgartirilgan) 311 dona ananas tropik mevalarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovlari paytida ma'lum qilmasdan turib, yashirin tarzda olib kirishga uringan paytda to‘xtatib qolindi.

Yashnobodlik B.Mansurov ham tegishli hujjatlarni taqdim etmay va bojxona to‘lovlarini to‘lamay Bangkokdan 74 dona ananasni O‘zbekistonga olib kirmoqchi bo‘ldi.
Tahlillarga ko‘ra, yil boshidan buyon “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 5ta bojxona qonunbuzilishlarida qiymati salkam 12 mln so‘mlik 420 dona ananaslarning noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yildi.

"Sirtdan qaraganda arzimasdek tuyuladigan mazkur holatlarning ortida aslida jiddiy muammolar yashirin. Chunki, saqlash va tashish qoidalariga rioya qilinmasdan, yashirin tarzda olib kirilgan tropik mevalarning tarkibida, aholi o‘rtasida yuqumli kasalliklarni keltirib chiqarish mumkin bo‘lgan zararli moddalar, bakteriya va viruslar bo‘lishi mumkin.
Shu sababli, tropik mamlakatlarda yetishtirilgan bu kabi mevalarni yurtimizga import qilishda eng avvalo, O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini bosh davlat inspeksiyasi tomonidan beriladigan karantin ruxsatnomasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan beriladigan gigiyenik sertifikat talab etiladi.
Shunday ekan yurtdoshlarimiz xorijdan keltirilgan tropik mevalarni xarid qilishda, albatta ularning bojxona rasmiylashtiruvi va sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bilan tanishib chiqishlari lozim", deyiladi xabarda.

Top