22:24 / 11.11.2015
16890

Muxlislar KXDRga qarshi o‘yinga chipta o‘rniga, 2 kg go‘sht sotib olishni ma'qul ko‘rishmoqda

O‘zbekiston terma jamoasining KXDRga qarshi uchrashuvi uchun chiptalar narxi o‘yin kuni arafasida yanada qimmatlashgan.

Kun.uz saytida 1 kun oldin ushbu o‘yin uchun chiptalar chayqovchilar tomonidan aslidagidan ikki barobar qimmat narxlarda sotilayotgani haqida xabar berilgandi.

Bugun esa tahririyatga muxlislar qo‘ng‘iroq qilib, ahvol bundan ancha yomon tus olgani haqida aytishdi.

Muxlislardan biri mavjud ahvoldan shikoyat qilib, chipta olish uchun 30 ming so‘m bilan "Paxtakor" stadioniga borganini lekin o‘ziga kerakli chipta ololmasdan qaytganini, 60 ming so‘mga (!) chipta olgandan ko‘ra, bozordan farzandlari uchun 2 kg go‘sht olishni ma'qul ko‘rganini aytib berdi.

"O‘yinga tushishni niyat qilib, xarajatlardan chegirib, 30 ming yig‘ib, chipta uchun ajratib qo‘ygandim. Lekin chiptalar qo‘lga chiqib ketgan ekan va mo‘ljalimdagi pulga chipta ololmadim. Ertaga yomg‘ir yog‘ishi mumkin. "Paxtakor" stadioni usti ochiq. Bunday sharoitda o‘yin tomosha qilish uchun 60 ming sarflashga og‘rindim. Nega bu o‘yin yangi stadionda (izoh - "Bunyodkor") o‘tkazilmaydi?", deydi muxlis.

Shuningdek, saytimizning turli ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlariga muxlislardan shu masala yuzasidan murojaatlar yo‘llangan va bu vaziyatga e'tibor qaratishni so‘rashgan.

Qolaversa, bu holat ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari o‘rtasida ochiq-oydin muhokama qilinmoqda va ular kassalardagi 15 ming so‘mlik chiptalar o‘yinni tomosha qilish uchun juda noqulay sektorlarga tegishliligini, kassalarda yaxshi sektorlarning chiptalari qolmagani va olibsotarlar tomonidan haddan tashqari qimmat narxlarda sotilayotganini aytishgan.

Natijada, 12 noyabr kuni viloyatlardan jamoa bo‘lib Toshkentga kelib, o‘yinga tushishni niyat qilgan muxlislar fikrlaridan qaytishgan va o‘yinni choyxonada yoki uyda ko‘rishga qaror qilishgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va KXDR milliy terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin 12 noyabr kuni soat 18:00 da boshlanadi. O‘yinni Alirizo Fag‘oni boshchiligidagi eronlik hakamlar brigadasi boshqarib boradi. Ayni vaqtda «H» saralash guruhida KXDR terma jamoasi beshta o‘yinda 13 ochko to‘plagan holda peshqadam bo‘lib turibdi. O‘zbekiston esa guruhdagi raqiblaridan bir o‘yin kam o‘tkazgan holda 9 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston — KXDR uchrashuvi chiptalari 6 noyabr kuni soat 14:00 dan sotuvga chiqarilgan, CIP toifali chiptalar narxi 30 ming, qolgan barcha sektorlar uchun chiptalar narxi 15 ming so‘m etib belgilangan edi.

Top