10:14 / 11.11.2015
5352

Range Rover oilasida birinchi marta kabriolet paydo bo‘ldi

Land Rover kompaniyasi Range Rover Evoque krossoverining seriyali tarzda ishlab chiqariluvchi Rover Evoque Convertible usti ochiq versiyasini taqdim qildi. Yangi model Range Rover oilasida birinchi kabriolet bo‘ldi.

Krossover matoli Z-simon mexanizmga ega yig‘iluvchi tom bilan jihozlandi, u orqa o‘rindiqlar orqasiga yig‘iladi. Tomning yig‘ilishi va ko‘tarilishi to‘liq avtomatlashtirilgan. Tom 18 soniya ichida yig‘iladi va 21 soniyada ko‘tariladi. Buni soatiga 48 km tezlik bilan amalga oshirish mumkin.

Tomning qanday holatda ekanligidan qat'i nazar Range Rover Evoque’ning yukxonasi hajmi 251 litrni tashkil qiladi. Mashinaning qattiq tomli besh eshikli modifikatsiyasida yukxona hajmi 575 litrni, uch eshiklisida esa 550 litrni tashkil qiladi.

Usti ochiq yo‘ltanlamas ag‘darilish ehtimoliga qarshi yo‘lovchilarni himoyalash tizimi bilan jihozlandi. U ikkita alyuminiy balkadan iborat bo‘lib, avtomobilning orqa qismidagi kuzov elementlari tagiga yashirilgan. Bu balkalar mashina ag‘darilish xavfi yuzaga kelganda 90 millisoniya ichida tashqariga chiqib, yo‘lovchilarning mashinadan uloqtirilishi oldini oladi.

Range Rover Evoque Convertible modeli yangi 10,2 dyuymli sensorli ekranga ega InControl Touch Pro multimedia tizimi, to‘liq privod, boshqaruvchi elektronika ish rejimlarini o‘zgartiruvchi tizim Terrain Response bilan jihozlangan.

Kompaniya yangi modelni Ingenium oilasiga mansub, benzin yoki dizel yonilg‘ida ishlovchi ikkita to‘rt silindrli dvigatel bilan taklif etadi. Benzinli dvigatelning quvvati 240 ot kuchini, dizelliniki esa 180 ot kuchini tashkil qiladi. Ikkala motor ham 9 pog‘onali ZF avtomatik uzatmalar qutisi bilan juftlikda ishlaydi. Range Rover Evoque Convertible 2016 yilning bahoridan 170 ta davlatda sotuvga chiqariladi.

Top