07:28 / 11.11.2015
4665

Rossiya Markaziy banki rahbari: rubl kursi yangiliklar va mish-mishlarga kamroq ta'sirchan bo‘ldi

Rossiya rubli kursi yangiliklar va mish-mishlarga hamda kon'yunkturaning qisqa muddatli o‘zgarishlariga kamroq ta'sirchan bo‘ldi, deb aytdi Rossiya Markaziy banki rahbari Elvira Nabiullina RIA “Novosti” axborot agentligiga bergan intervyusida.

Bir yil avval, ya'ni 2014 yil 10 noyabrda Rossiya banki amalda bo‘lgan valyuta koridori mexanizmini soddalashtirib, doimiy intervensiyalarni o‘tkazishdan bosh tortdi. Bank shu bilan birga mamlakatning moliyaviy barqarorligiga xavf yuzaga kelgan taqdirda intervensiyalarni o‘tkazish huquqini saqlab qoldi.

2014 yilning dekabrida dollar narxi 80 rubldan oshib ketdi. Fevral boshida dollar 70 rubldan oshgan, keyin may o‘rtalarida 50 rublga tushib, keyin yana avgust o‘rtalarida 70 rublga ko‘tarilgan.

“Bizning iqtisodiyotimiz yangi sharoitlarga moslashdi, bozordagi asabiylik kamaydi, kurs ham yangiliklar va mish-mishlarga hamda kon'yunkturaning qisqa muddatli o‘zgarishlariga kamroq ta'sirchan bo‘ldi. Va yana bir muhim jihat – valyuta kursining mamlakat ichidagi narxlar dinamikasiga ta'siri kamaydi”, deb aytdi Nabiullina.  

Nabiullinaning ta'kidlashicha, inflyatsiya darajasi butun yil davomida kamayib borgan va Markaziy bank uning kelgusida ham kamayishini kutmoqda. Avvalroq Rossiya banki 2017 yilning oxiriga qadar inflyatsiya miqdorining 4 foiz darajasida bo‘lishini kutayotganini aytgandi.  

Top