08:13 / 12.11.2015
3073

Dunga: Neymar hozir Messidan ham Ronaldudan ham o‘zib ketgan

Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Dunga Argentina terma jamoasiga qarshi JCh-2018 saralashi doirasida o‘tkaziladigan uchrashuva oldidan jurnalistlar bilan gaplashdi va o‘z intervyusida Neymar dunyoning eng yaxshi hujumchisi ekanini aytib o‘tdi.

Braziliyalik mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, Neymar so‘nggi vaqtda o‘yinini sezilarli darajada o‘stirishga erishgan.

"Neymarning "Vilyarreal" darvozasiga urgan golini ko‘rganimda, "nega terma jamoa safida ham shunday chiroyli gollardan urmaydi" deya o‘ylab qoldim. Hazil. Neymar ajoyib futbolchi. U terma jamoa uchun hamisha zarur futbolchi. U Argentina bilan o‘yinda chiroyli bo‘lmasada, gol urishini istayman.

Neymar “Barselona”da kundan-kunga o‘yinini rivojlantirib borayapti. Neymar tanqidchilarning og‘zini yopib, "Barselona"da Messisiz ham yaxshi o‘ynay olishini isbotladi. Kimlardir uning salohiyatini yerga urishga intilgandi. Ammo hech kimni afsonaviy Pele bilan taqqoslab bo‘lmaydi. U – istisno.

Aytish mumkinki, ayni vaqtda u Krishtianu Ronaldudan ham Lionel Messidan ham o‘zib ketgan. Buni uning statistikasi va raqamlar orqali tasdiqlash mumkin. U juda foydali o‘ynayapti. Messining jarohati bor. Krishtianu Ronaldu o‘tgan yilgi sermahsullini ko‘rsata olmayapti.

Argentina bilan bo‘ladigan o‘yin uchun tarkibni aniqlab oldim. Braziliya terma jamoasidagi futbolchilar brazil xalqining o‘z farzandlari. Xalq o‘z farzandlariga jahl qilmasligi kerak. Futbolchilar hamisha o‘zlarini haqiqiy braziliyaliklar sifatida his qilib o‘ynashadi", – deydi Dunga.

Ma'lumot uchun, 23 yoshli Neymar joriy mavsumda La Liganing 10ta o‘yinida maydonga tushib, 11ta gol urdi.

Top