14:05 / 12.11.2015
4860

Platini FIFA prezidentligi uchun saylovda ishtirok eta olmaydigan bo‘ldi

FIFA prezidentligi uchun navbatdan tashqari saylovda qatnashadigan 5 nafar nomzoddan iborat ro‘yxat e'lon qilindi. Bu ro‘yxatda UYeFAning amaldagi prezidenti Mishel Platini nomi yo‘q.

Qayd etish kerakki, Platiniga saylovda g‘alaba qozonish uchun eng asosiy nomzod sifatida qaralayotgandi. Lekin sentabr oyining oxirida Shveytsariya prokuraturasi Mishel Platini FIFA rahbari Yozef Blatterdan 2 million frank miqdorida mablag‘ olgani bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishni boshlagan va 8 oktabr kunida uni 90 kunga futbol faoliyatidan chetlashtirgandi. Ushbu muddatga yana 45 kun qo‘shib berilishi mumkinligi va agar shunday bo‘lsa, Platini 2016 yilning 26 fevraliga belgilangan saylovda qatnasha olmasligi aytilgandi.

Biroz avvalroq, nomzodlardan biri Infantino agarda Platini FIFA prezidentligi uchun saylovda qatnashsa, o‘z nomzodini qaytarib olishi haqida ma'lum qilgandi.

Quyida FIFA prezidentligi uchun 5 nomzod nomi keltirilgan:

- shahzoda Ali ibn Al-Husayn (Iordaniya shahzodasi, UYeFA vitse-prezidenti);
- shayx Salmon ibn Ibrohim Al-Xalifa (OFK rahbari, bahraynlik shayx);
- Jyerom Shampan (FIFA Ijroqo‘mi sobiq a'zosi);
- Janni Infantino (UYeFA bosh kotibi);
- Tokio Seksvale (Janubiy afrikalik multimillioner).

Qayd etish kerakki, ro‘yxatdagi nomzodlardan biri, iordaniyalik shahzoda 2015 yilning 29 may kunida bo‘lib o‘tgan saylovda ishtirok etgan, lekin birinchi turda amaldagi prezident Yozef Blatterdan yengilgach, o‘z nomzodini qaytarib olgandi.

Eslatib o‘tamiz, kecha Yozef Blatter asab tizimidagi muammolar sababli shifoxonaga tushib qolgani xabar qilingandi.

Top