00:19 / 13.11.2015
7897

AQSh ssenariynavislar uyushmasi kino tarixidagi eng kulguli AQSh filmlari ro‘yxatini tuzdi

AQSh ssenariynavislar uyushmasi AQShda ishlangan 101 ta eng kulguli ssenariyga ega filmlar ro‘yxatini tuzdi, deb xabar bermoqda The Hollywood Reporter nashri. 

Ro‘yxatning 1-o‘riniga Vudi Allenning 1977 yildagi “Enni Xoll” filmi loyiq deb topildi.

2-o‘rinni 1959 yilda suratga olingan Bill Uaylderning “Jazda faqat qizlar”, 3-o‘rinni “Sug‘ur kuni” (1993, ssenariynavis Denni Rubin va Xarold Reymis) egalladi. 4-o‘ringa Jyeyms Abraxams va aka-uka Tsukerlarning “Aeroplan!” (1980) komediyasi, 5-o‘ringa 1982 yilda suratga olingan “Tutsi" filmi (Larri Gelbart va Myurrey Shizgel ssenariysi asosida) qo‘yildi.

Bu ro‘yxatdan, shuningdek, quyidagi filmlar ham o‘rin oldi: “Yosh Frankenshteyn” (1974, Mel Bruks va Jin Uaylder) – 6-o‘rin, “Doktor Streynjlav yoki men qanday qilib hayajonlanmaslikni o‘rgandim” (1963, Stenli Kubrik, Piter Jorj va Terri Sauzern) – 7-o‘rin, “Monti Payton va Muqaddas Graal” – 9-o‘rin, “Katta Lebovski” – 13-o‘rin, “Garri Sallini uchratganda” – 15-o‘rin.

2000 yilda Amerika kinoinstituti kino tarixidagi 100 ta eng kulguli AQSh filmlari ro‘yxatini tuzgandi. Bu ro‘yxatda 1-o‘rinni “Jazda faqat qizlar” filmi, 2-o‘rinni “Tutsi” filmi, “Enni Xoll” esa 4-o‘rinni egallagan edi.

Top