08:57 / 13.11.2015
6745

Bloomberg: Pentagon Rossiya va Xitoyning kuchayayotgani sababli xavotirlanmoqda

Pentagonning oliy lavozimli mansabdor shaxslari Rossiya va Xitoyning tobora kuchayib borayotgani sababli trevoga urmoqdalar va bu davlatlar bilan qarama-qarshilikka tayyorgarlik ko‘rish haqida gapira boshladilar, deb yozmoqda Bloomberg View nashri.

“Ikkita buyuk davlat bor. Vaziyat umuman boshqacha, oxirgi 25 yil ichida biz bunday holatga duch kelmaganmiz”, deb aytdi Reygan nomidagi milliy mudofaa forumida AQSh mudofaa vaziri o‘rinbosari Robert Uork. U Rossiya va Xitoy uzoq muddatli kelajakda namoyon qiladigan “xavfni” shunday tavsifladi.

Uork “Uchinchi posangi” deb ataluvchi milliy mudofaaning yangi strategiyasini taqdim qildi. Bu strategiya Rossiya va Xitoy bilan ixtilofga borishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida tayyorlangan. Uning asosida AQShga Rossiya va Xitoyning sa'y-harakatlarini cheklashga imkon beruvchi urush olib borishning yangi usullarini ishlab chiqish yotadi.

Pentagon AQSh milliy xavfsizligiga Rossiya va Xitoy tomondan solinayotgan xavflarga qarshi faolroq choralar ko‘rishni talab qilmoqda, biroq unda u zarur deb hisoblagan harakatlarni amalga oshirish uchun huquq yo‘q, Oq uy esa harbiy vositalarni qo‘llashda xavotir bilan va ko‘pincha kech harakat qiladi, deb ta'kidlanmoqda nashrda.

O‘tgan hafta AQSh mudofaa vaziri Eshton Karter Pentagon Rossiya va Xitoy “tajovuzini” ushlab turish uchun bir qator qadamlarni amalga oshirishini ma'lum qilgandi. Biroq Karter bu ikki davlatga nisbatan Oq uy va AQSh Davlat departamentidan ko‘ra keskinroq munosabat bildiradi va demak, AQShning joriy ma'muriyati paytida uning tashqi siyosat yo‘nalishini kuchaytirish rejalari amalga oshishi dargumon, deb hisoblamoqda maqola muallifi.

Top