11:33 / 13.11.2015
2968

"Formula-1"ning 2 jamoasi Shumaxerning o‘g‘lini kuzatmoqda

Ferrari va Mercedes jamoalari "Formula-1" poygalarining ko‘p karra chempioni, sobiq poygachi Mixael Shumaxerning o‘g‘li Mik Shumaxerga jiddiy qiziqish bildirishmoqda va u bilan shartnoma tuzish haqida o‘ylashmoqda. Bu haqda Autosport nashri xabar bergan.

16 yoshli Mikka ko‘proq italyanlar (Ferrari - kun izohi) tomonidan qiziqish mavjudligi aytilgan. Mik jamoaning Maranellodagi bazasida ham bo‘lgan va jamoa akademiyasi rahbari Luki Baldiserri nazorati ostida Montsdagi sinovlarda qatnashgan.

Nemislar ham (Mercedes) Mikni jamoaning Shtutgartdagi bazasiga taklif etishgan.

Mik Shumaxer joriy mavsumda “Formula-4” bosqichida g‘alaba qozongandi va yangi mavsumni "Formula-3"da o‘tkazishga da'vogarlik qilmoqda. U "Van Amersfort” jamoasi a'zosi hisoblanadi. O‘tgan yili kichik Shumaxer karting bo‘yicha Yevropa va jahon chempionatida vitse-chempionga aylangandi.

Qayd etish kerakki, 2 yil oldin boshidan qattiq jarohat olgan va ayni vaqtda davolanishda davom etayotgan Mixael Shumaxer o‘z vaqtida yuqorida nomlari sanalgan ikki jamoada (Ferrari va Mercedes) faoliyat ko‘rsatgandi.

Top