16:40 / 14.11.2015
3379

Parijdagi terakt tufayli UYeFA doirasidagi o‘yinlar 1 daqiqalik sukut saqlash bilan boshlanadi

Yaqin kunlar ichida UYeFA homiyligi ostida o‘tkaziladigan barcha o‘yinlar arafasida Parij terakti qurbonlari xotirasi uchun 1 daqiqalik sukut saqlanadi. Bu haqda Bi-bi-si xabar tarqatgan.

Ma'lum qilinishicha, jamoalar maydonga motam bog‘ichi taqqan holda tushishadi.

"UYeFA bu hodisalardan chuqur qayg‘uda. Tashkilot Fransiya va teraktlarda jabr ko‘rgan oilalarga hamdardlik bildiradi" - deyiladi UYeFA bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, Fransiya poytaxti Parij shahrida 13 noyabr kuni oqshomida davomli teraktlar sodir etildi. Portlashlardan biri Fransiya va Germaniya terma jamoalari ishtirokida bo‘lib o‘tayotgan o‘rtoqlik uchrashuvi vaqtida, "Stad de Frans" stadioni darvozasi oldida sodir etilgan va bu portlash tufayli 3 kishi halok bo‘lgan.

O‘yinning birinchi taymi vaqtida sodir bo‘lgan teraktlar haqida ma'lumotlar kela boshlagach, o‘yinni kuzatish uchun stadionga kelgan Fransiya prezidenti Fransua Olland darhol evakuatsiya qilinishgan, tomoshabinlar orasida vahima boshlanmasligi uchun bu haqda e'lon berilmagan va o‘yin davom ettirilgan.

Top