08:50 / 14.11.2015
4238

Terakt tufayli Parijdagi barcha maktablar yopib qo‘yildi

13 noyabr kuni kechasi Parijda davomli teraktlar yuz bergach, shahardagi barcha o‘quv muassasalari, Oliy o‘quv yurtlari, kollejlar va maktablar faoliyati to‘xtatildi.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, hujumlar qurbonlari soni 153 nafarga yetgan, ulardan 112 nafari maxsus xizmatlar tomonidan ozod etilgan “Bataklan” konsert zalida halok bo‘lgan.

Ko‘plab odamlar yaralangan, evakuatsiya ishlari olib borilmoqda. Fransiya bo‘ylab favqulodda vaziyat tartibi kiritildi, chegara nazorati kuchga kirdi, xavfsizlikni ta'minlash maqsadida 1,5 ming harbiy safarbar qilindi.

Bu mamlakat tarixida qayd etilgan eng yirik teraktga aylandi.

Avvaliga noma'lum shaxslar Parijning 10-okrugidagi restoranlardan birida otishma sodir etgan. Keyin "Bataklan" konsert zali garovga olingani haqida xabar paydo bo‘lgan. U yerda amerikalik rok guruhi konsert berayotgandi.

Bundan tashqari, "Stad de Frans" o‘yingohi yaqinida, Fransiya va Germaniya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazilayotgan vaqtda 2-3 marta  portlash ovozlari eshitilgan. Bu o‘yinni tomosha qilish uchun mamlakat prezidenti Fransua Olland ham tashrif buyurgandi.

Shuningdek, Senaning o‘ng qirg‘og‘idagi restoranlarda terrorchilar tomonidan o‘t ochilgan.
Shahar meriyasi barcha shaharliklarga tezlik bilan o‘z uylariga qaytishni tavsiya qilgan. Parijdagi shifoxonalar favqulodda holat rejimida ishlamoqda.

Ushbu teraktlar uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga oldi.

Top