23:33 / 15.11.2015
3539

Fransiya terma jamoasining barcha futbolchilari Angliyaga qarshi o‘yinda qatnashish uchun tayyor

Fransiya milliy terma jamoasi futbolchilari Angliyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushishga tayyor ekanliklarini ma'lum qilishgan.

Terma jamoa bosh murabbiyi Dide Desham o‘z shogirdlari bilan uchrashib, Parijdagi voqealardan keyin istalgan futbolchi o‘zining xavfsizligini ta'minlash uchun istagan joyiga ketishi mumkinligini bildirgan. Ammo futbolchilarning barchasi qolishga qaror qilgan.

Angliyaga qarshi o‘yin 17 noyabr kuni, Londondagi "Uembli" stadionida o‘tkazilishi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, Fransiya poytaxti Parij shahrida 13 noyabr kuni oqshomida davomli teraktlar sodir etildi. Portlashlardan biri Fransiya va Germaniya terma jamoalari ishtirokida bo‘lib o‘tayotgan o‘rtoqlik uchrashuvi vaqtida, "Stad de Frans" stadioni darvozasi oldida sodir etilgan va bu portlash tufayli 3 kishi halok bo‘lgan.

O‘yinning birinchi taymi vaqtida sodir bo‘lgan teraktlar haqida ma'lumotlar kela boshlagach, o‘yinni kuzatish uchun stadionga kelgan Fransiya prezidenti Fransua Olland darhol evakuatsiya qilinishgan, tomoshabinlar orasida vahima boshlanmasligi uchun bu haqda e'lon berilmagan va o‘yin davom ettirilgan.

Shundan so‘ng, terma jamoaning Angliyaga qarshi o‘yini qoldirilishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. Lekin federatsiya o‘yinni o‘tkazishgan qaror qilgan.

Top