16:37 / 15.11.2015
7800

Militsiya xodimlari gitara yordamida jinoyatchilar guruhini fosh qilishdi

Andijon viloyati Asaka tumani ichki ishlar bo‘limi xodimlari bir jinoyat izidan tushib, gitara yordamida 3 bezoridan iborat guruhni fosh qildi. Voqea tafsilotlari “Voha” gazetasida keltirilmoqda.

Aytilishicha, Andijon-Toshkent yo‘nalishida qatnaydigan Odiljon Sattorovning mashinasiga uch yigit mingan. Kirakash ularni Asakaga eltib qo‘ygan. Aytilgan joyda mashinani to‘xtatib, tashqariga chiqqan. Shu payti yigitlar uni kaltaklab, xushidan ketkizib, mashinani haydab ketishgan.

Militsiya xodimlari Sattorovni tergov qilish chog‘ida bir qiziq detalga e'tibor berishgan: jinoyatchilardan birining qo‘lida gitara bor edi. IIB xodimlari Toshkent viloyati Qibray tumanidagi G‘ishtko‘prik chegara maskani bilan bog‘lanishdi. Kuzatish kamerasi orqali ko‘zdan kechirilgan tasvirlarda gitarali shaxs aniqlandi.

Aniqlanishicha, Baxtiyor Abdurashidov, Karimjon Xoldorov va Sanjarbek Ziyoyevlar Qozog‘iston hududida ma'lum muddat ishlashgan. Qaytish chog‘larida esa yo‘llarida uchrab qolgan sodda kirakashni tunashga qaror qilishgan.
Qo‘lga olingan jinoyatchilar tergov davomida ayblariga to‘liq iqror bo‘lishdi.

Top