12:34 / 16.11.2015
10122

OAV: Parij teraktlari tashkilotchisining nomi ma'lum bo‘ldi

Fransiyaning RTL radiosi 13 noyabr kuni Parijda sodir etilgan teraktlarni 27 yoshli suriyalik radikal Abdulhamid Abaud tashkillashtirganini ma'lum qildi.

Olib borilgan tergov ma'lumotlariga ko‘ra, Abaud Fransiya poytaxtida amalga oshirilgan hujumlar va portlashlarga homiylik qilgan. Uni IShIDning «eng asosiy faol jangarisi» deya ta'riflashgan.

Abaudning ismi Belgiyada sodir etish uchun tayyorlangan teraktlar bo‘yicha olib borilayotgan tergov jarayonida ham qayd qilingan. Bundan tashqari u yil boshida Gretsiyada qidiruvda bo‘lgan terrorchilar ro‘yxatida ham bo‘lgan. Ba'zi manbalarga ko‘ra u hibsga olingani qayd qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, 14 noyabrga o‘tar kechasi Fransiya poytaxti Parij shahrida IShID jangarilari tomonidan davomli teraktlar sodir etildi. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu xunrezliklar natijasida 129 kishi halok bo‘lgan, jarohatlanganlar soni 352 nafarni tashkil etadi. Jarohatlanib shifoxonaga yotqizilganlarning 99 nafari og‘ir ahvolda qolmoqda.

Top