15:10 / 17.11.2015
3310

David Luis xavfli shaharga aylangan Parijga qaytishni istmayapti

"PSJ" jamoasining braziliyalik himoyachisi David Luis Parijga qaytishdan qo‘rqayotganini bildirib o‘tdi.

Men Parijdagi do‘stlarim bilan telefon orqali gaplashdim va u yerdagi ahvolni so‘radim. Parijdagilarning barchasi xavotir va qo‘rquv ichida yashamoqda. Men ham Parijga qaytishdan qo‘rqayapman. "PSJ" oldidagi burch va vazifalarimni bajarishim kerak, lekin menga qolsa bu shaharga qaytmayman", degan Luis.

Luisdan tashqari, "PSJ"ning urugvaylik hujumchisi Edinson Kavani ham yashash uchun xavfli shaharga aylangan Parijga qaytishni istamayotganini bildirgandi.

Ma'lum qilinishicha, "PSJ" 28 noyabr kuni o‘tkaziladigan navbatdagi tur o‘yinida raqib jamoa "Trua"ni o‘z maydonida qabul qila olmaydi. Jamoaning bu o‘yini "Loryan" jamoasi stadionida o‘tkazilishi kutilmoqda.

Biroz oldinroq, "PSJ"ning argentinalik futbolchisi Xaver Pastorening ikki do‘sti Parijdagi terakt qurboniga aylangani xabar qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, Fransiya poytaxti Parij shahrida 13 noyabr kuni oqshomida davomli teraktlar sodir etildi. Portlashlardan biri Fransiya va Germaniya terma jamoalari ishtirokida bo‘lib o‘tayotgan o‘rtoqlik uchrashuvi vaqtida, "Stad de Frans" stadioni darvozasi oldida sodir etilgan va bu portlash tufayli 3 kishi halok bo‘lgan.

O‘yinning birinchi taymi vaqtida sodir bo‘lgan teraktlar haqida ma'lumotlar kela boshlagach, o‘yinni kuzatish uchun stadionga kelgan Fransiya prezidenti Fransua Olland darhol evakuatsiya qilinishgan, tomoshabinlar orasida vahima boshlanmasligi uchun bu haqda e'lon berilmagan va o‘yin davom ettirilgan.

Shu kuni shaharda sodir bo‘lgan davomli teraktlar tufayli jami 129 kishi halok bo‘lgan va 352 kishi jarohatlanib, shifoxonaga yotqizilgan.

Top