14:28 / 17.11.2015
13770

Rossiya hukumati A321 samolyoti terakt tufayli qulaganini tasdiqladi

Rossiya FSB (Federal xavfsizlik xizmati 31 oktabr kuni Misrda qulab tushgan A321 layneri halokati terakt amalga oshirilishi tufayli sodir bo‘lgani haqidagi ma'lumotni tasdiqladi. Bu haqda RIA Novosti nashri FSB rahbari Aleksandr Bortnikovga asoslangan holda xabar tarqatgan.

Xabarda aytilishicha Aleksandr Bortnikov Putin ishtirokidagi majlisda shunday ma'lumotni aytgan.

"Vladimir Vladimirovich, Misrda qulagan A321 samolyotidagi yuklar, shaxsiy buyumlar va samolyot qoldiqlari tekshirib chiqildi. Ekspertiza xulosalariga ko‘ra, samolyot bo‘laklarida xorijda ishlab chiqilgan portlovchi modda izlari mavjud", deydi FSB rahbari.

"Bir so‘z bilan aytganda, samolyot terakt tufayli qulagan", deya qayd etadi u.

U samolyot bortida trotil ekvivalentida 1 kilogrammga teng portlovchi qurilma ishga tushganini tasdiqlagan. Uning aytishicha bu qurilma qo‘lbola bomba hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, "Kogalmavia" kompaniyasiga tegishli Airbus A321 layneri 31 oktabr kuni Misrning Sinay yarim oroli hududida qulagan edi. Samolyot Sharm-ash-Shayxdan Sankt-Peterburgga uchayotgan, uning bortida 217 nafar yo‘lovchi va 7 nafar ekipaj a'zosi bo‘lgan. Ulardan hech biri omon qolmagan.

Top