08:53 / 17.11.2015
3836

Samvel Babayan: Tarkibimiz optimal ko‘rinishda

Jahon chempionati-2018 ikkinchi saralash bosqichi “H” guruhi, 8-tur o‘yinlari doirasidagi Yaman – O‘zbekiston uchrashuvi oldidan matbuot anjumani tashkil etilib, unda avval O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan hamda terma jamoa yarim himoyachisi Sardor Rashidov ishtirok etishdi. Bu haqda O‘zbekiston Futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar tarqatgan.

“Ertaga O‘zbekiston milliy terma jamoasini qiyin uchrashuv kutib turibdi”, — deya so‘z boshladi Samvel Babayan. — Ushbu raqib Toshkentdagi o‘yinda bizga juda yaxshi qarshilik qilgandi. Shuningdek, bu jamoa so‘nggi turda Filippinni safarda mag‘lub etdi. Bu o‘yinga biz jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. Chunki ushbu bosqichda oson taslim etiladigan raqib yo‘q. Barcha jamoalar har bir o‘yinga jiddiy e'tibor qaratyapti. Shu qatorda biz ham. Bo‘lajak uchrashuvda ham o‘zimizning eng yaxshi o‘yinimizni namoyish qilishga intilamiz va kerakli natijani qo‘lga kiritamiz degan umiddaman”.

Futbolchilarning holati va tarkib borasida berilgan savolga javob berar ekan, O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi shunaday dedi: “Barcha futbolchilar o‘yinga tayyor. Tarkibmiz optimal ko‘rinishda. Ertangi o‘yinda g‘alaba qozonish imkoniyatiga keladigan bo‘lsak, ustunlik biz tomonda. Biroq bu bilan Yaman terma jamoasini kamsitish niyatim yo‘q. Ularda bir necha kuchli futbolchilar bor. Ayniqsa darvozabonni alohida ko‘rsatgan bo‘lardim. U juda ishonchli posbon va so‘zsiz o‘z jamoasining yarmidir. U juda ko‘p hollarda jamoasini gollardan qutqarib qolyapti. Aynan u Filippinga qarshi o‘yinda Yamanning g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi. Toshkentdagi o‘yinda ham o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsata olgandi”.

Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasi qanot yarim himoyachisi Sardor Rashidov ham o‘yin borasidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.

“Yaman terma jamoasi ancha jiddiy raqib. Biz ularning o‘yinlarini ko‘rdik, o‘rgandik. Xususan Filippinga qarshi safarda g‘alaba qozonilgan o‘yinni ham. O‘sha o‘yinda ertangi raqibimiz juda yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Biroq ertangi o‘yinda biz g‘alaba qozonamiz, deb o‘ylayman”.

Jurnalistlar so‘nggi vaqtlarda gol urish borasida ancha yaxshi ko‘rsatkichlar qayd etayotgan Sardor Rashidov Yamanga qarshi dastlabki o‘yinda darvozani ishg‘ol qilolmaganini eslab, bo‘lajak o‘yinda gol ura olish, olmasligi haqida berilgan savolga Rashidov quyidagicha javob berdi:

“Avvalambor, futbol — jamoaviy o‘yin. Men uchun eng muhimi — terma jamoa g‘alaba qozonsa bo‘ldi. Golni aynan kim urishi katta ahamiyatga ega emas. To‘g‘ri, Yamanning himoya chizig‘i yomon emas. Ammo judayam kuchli ham, demagan bo‘lardim. Birinchi o‘yinda ular yomon himoyalanmaganiga qaramay, baribir, biz g‘alaba qozona oldik”.

Top