15:46 / 19.11.2015
8118

O‘zbekistonlik qori Makka shahrida o‘tkazilgan 37-Xalqaro Qur'oni karim musobaqasida ishtirok etdi

Joriy yilning 7-11 noyabr kunlari Qur'oni karimni yoddan o‘qish va tafsir qilish bo‘yicha Saudiya Arabistonining Makka shahrida o‘tkazilgan 37-Xalqaro Qur'oni karim musobaqasida, o‘zbekistonliklar vakili – “Mulla Qirg‘iz” o‘rta maxsus islom bilim yurtini bitirgan, hozirda Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, “Tuganoy ota” jome masjidi imom-xatibi vazifasida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Shamsiyev Hamidxo‘ja ishtirok etib qaytdi. Bu haqda "Muxlis.uz" xabar bergan.

Mazkur musobaqada dunyoning 66 davlatidan jami 124 nafar yetuk Qur'on hofizlari ishtirok etishdi. O‘zbekiston vakili musobaqada Qur'oni karimning 15 porasini yoddan o‘qib berish yo‘nalishida qatnashdi.

Musobaqada yuqori besh o‘rinni qo‘lga kiritgan qorilarga sovrinli mukofotlar topshirildi. Qur'oni karim to‘liq 30 porasini tajvid qoidasi bilan yoddan o‘qib berish bilan birga 30 poraning lug‘aviy ma'nolarini bilish yo‘nalishida 1-o‘rinni Jazoir, 2-o‘rinni Nigeriya, 3-o‘rinni Somali, 4-o‘rinni Saudiya Arabistoni, 5-o‘rinni Misr davlatlari qorilari egalladi. Qur'oni karimning 30 porasini tajvid qoidasi bilan yoddan o‘qib berish yo‘nalishida 1-o‘rinni Saudiya, 2-o‘rinni Nigeriya, 3-o‘rinni Bangladesh, 4-o‘rinni Chad, 5-o‘rinni Misr davlatlari qorilari egalladi.

Qur'oni karimning 15 porasini yoddan o‘qib berish yo‘nalishida 1-o‘rinni Saudiya Arabistoni, 2-o‘rinni Iroq, 3-o‘rinni Chad, 4-o‘rinni Kamerun, 5-o‘rinni Kuvayt davlatlari qorilari egalladi.

O‘zbekiston vakiliga ishtiroki uchun tashakkurnoma yorlig‘i taqdim etilgan.

Musobaqa yakunida tashkiliy hay'at tomonidan ishtirokchilar uchun Makkai mukarrama va Madinai munavvara shaharlaridagi muqaddas qadamjolarga ziyorat tashkil etildi.

Top