18:08 / 19.11.2015
10854

Qozog‘istonda yana mamlakatning ruscha nomi masalasi ko‘tarildi

Qozog‘istonda uzoq yillardan buyon ushbu mamlakat nomi rus tilida qanday yozilishi kerakligi borasidagi bahslar to‘xtamaydi. Mahalliy internet nashrlar bu mavzu ijtimoiy tarmoqlarda yana bir bora ko‘tarilganiga e'tibor qaratishdi.

Gap shundaki, rus tilida davlat nomi “Kazaxstan” shaklida yoziladi. Qozoq millatchilarining fikricha esa, bu nom “Kazakstan” deb o‘zgartirilishi lozim. Bu fikrni asoslash uchun turli-tuman, aksar qismi asossiz dalillar keltiriladi.

Jumladan, huquqshunos Jangeldi Suleymanov Facebook’dagi sahifasida yana bir bora “Kazaxstan” shaklini noto‘g‘ri deb iddao qildi.

“Qazaqstan” axir “Kazaxstan” deb tarjima qilinmaydi, to‘g‘risi “Kazakstan” bo‘lishi kerak. Qozoq tilidagi konstitutsiyada “Qazaqstan” deb yozilgan, ruscha tahrirda esa – “Kazaxstan”. 1925 yili bizning mamlakatimiz nomi Qirg‘iz respublikasidan Qozoq (Kazak) respublikasiga almashtirilgan edi, ya'ni rus tilida biz “KazaKstan” edik. Keyin 1936 yili qozoqlarning (kazaKi) o‘zlari, ya'ni biz, nomimizni “kazax” deb, mamlakatimiz nomini “Kazaxstan” deb o‘zgartirishni so‘radi”, - deyiladi postingda.

Shuningdek, huquqshunos pasportlarda Kazakstan emas, Kazakhstan deb yozilganidan norozi bo‘ldi. U nega ingliz tiliga davlat nomining qozoqcha emas, ruscha nomi tarjima qilinganidan taajubdaligini aytdi.

“Kim uchundir bu mayda gapdir, yoki birov muhokama payt emas deb o‘ylar. Ammo mening uchun davlatim va millatim nomi xatolarsiz atalishi juda muhim, bu axir yuz yillik nomlar. Pasportimda ajdodlarim millati “kazak” deb yozilishini istayman”, - xulosa qildi Suleymanov.

Top