08:08 / 20.11.2015
7317

AQSh Rossiyaga A321 bortida terakt sodir bo‘lganini isbotlovchi dalillarni taqdim etgan

Rossiya TIVning terrorizm masalalari bo‘yicha departamenti rahbari Ilya Rogachev "Kommersant'" gazetasiga bergan intervyusida Rossiya tomoni A321 samolyoti bortida bomba portlaganini isbotlovchi ma'lumotlar AQShdan olingani haqida ma'lum qildi.

"Bilganim shuki, halokatga uchragan samolyotga oid ba'zi ma'lumotlar amerikalik hamkorlar tomonidan jo‘natilgandi. Tegishli muassasalar bu ma'lumotlarni o‘rganishgan. Shuningdek, bu masala bo‘yicha doimiy ravishda Buyuk Britaniya tomoni bilan ham muhokamalar o‘tkazilgan", deydi u.

Biroz oldinroq, Rossiya TIV rahbari o‘rinbosari Oleg Siromolotov Buyuk Britaniya elchisi Tim Barrou bilan terrorchilikka qarshi kurash va aviatsiya xavfsizligi masalalari bo‘yicha hamkorlik qilishni muhokama etgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Oq uy matbuot xizmati rahbari Josh Ernest AQSh va Rossiya tomonlari o‘rtasida A321 falokati bo‘yicha ma'lumotlar almashinuvi davom etayotgani haqida aytib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, 31 oktabr kuni Misrning Sinay yarim orolidagi Sharm-ash-Shayx shahridan Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga yo‘l olgan A321 samolyoti yo‘lda qulab tushgan, uning bortidagi barcha 224 kishi halok bo‘lgandi.

17 noyabr kuni Rossiya FXX bu samolyot terakt tufayli halokatga uchraganini tasdiqladi.

Top