09:20 / 20.11.2015
3654

O‘zgan tumanidagi maktab zilzila tufayli shikastlangach, darslar sportzalga ko‘chirildi

Qirg‘izistonda yuz bergan zilzila tufayli O‘zgan tumanidagi maktablardan birida darslar sportzalga ko‘chirildi. Bu haqda Qirg‘iziston Ta'lim va fan vaziri Elvir Sariyev ma'lum qilgan.

"O‘sh viloyatining Qora-So‘y va O‘zgan tumanlarida zilzila tufayli 7ta maktab zarar ko‘rgan. Ulardan 6tasida o‘qishlarni davom ettirishga sharoit bor. "Baxmal" qishlog‘idagi maktab esa jiddiy zararlangani tufayli, bu yerda darslar vaqtinchalik sportzalda o‘tkazilishi joriy qilinadi. Maktab yaqin vaqt ichida ta'mirlab beriladi", degan vazir.

Eslatib o‘tamiz, 18 noyabrga o‘tar kechasi Qirg‘izistonning O‘sh viloyati janubida bir qator zilzilalar yuz berdi. Ulardan eng kuchlisi markazida silkinish kuchi 7 ballgacha yetdi. Tabiiy ofat yetkazgan zarar hajmi aniqlashtirilmoqda. Qirg‘iziston FVV mamlakat aholisini yana 9 ballik zilzila bo‘lishi haqida mish-mishlar tarqatmaslik va sarosimaga berilmaslikka chaqirmoqda, chunki mamlakatda vaqti-vaqti bilan tektonik plitalarning siljishi yuz beradi.

Qirg‘iziston bosh vaziri O‘shdagi zilzila juda katta zarar keltirgani haqida ma'lum qilgan.

"Qizilsuv qishlog‘ida 152ta uy vayron bo‘lgan. Shulardan 10 tasi yashash uchun yaroqsiz holga kelgan. Oloy tumanida ham xuddi shunday manzarani uchratish mumkin”, — deb ma'lum qildi Temir Sariyev.

Top