19:06 / 20.11.2015
4232

Panasonic real vaqtda nutqni uchta tilga tarjima qiluvchi megafonni taqdim qildi

Panasonic kompaniyasi aeroport va vokzallar xodimlari uchun real vaqtda nutqni uchta tilga tarjima qiluvchi megafonni taqdim qildi. Bu haqda RocketNews24 nashri ma'lum qildi.

Panasonic qurilmasi Megahonyaku degan nom (yaponchadan “megafon” va “tarjima” so‘zlaridan olingan) oldi. Agar unda yapon tilida biror gap aytilsa, u xitoycha, inglizcha va koreyschada ham yangraydi (birorta tilni tanlash mumkin yoki ketma-ket uchtasini eshittirish imkoni mavjud). Qurilma oddiy megafon sifatida ham ishlatilishi mumkin.

Qurilma Tokiodagi Narita xalqaro aeroportida sinovdan o‘tkaziladi. Gizmodo nashrining ta'kidlashicha, agar qurilmaga yana ko‘proq tillar qo‘shilsa, unda u butun dunyo bo‘ylab ommaviylashib ketishi mumkin. Boz ustiga aeroportlar xodimlari mashinaviy tarjima qiluvchi dasturlar yaxshi eplay oladigan juda oddiy jumlalarni ishlatishadi.

Megahonyaku megafoni turli noodatiy holatlarda katta yordam berishi mumkin. Hozircha qurilma ishlatishda qanchalik qulayligi noma'lumligicha qolmoqda, biroq birinchi sinov natijalari tarjima sifati smartfonlar uchun mashhur tarjima dasturlarinikiga yaqinligini ko‘rsatdi.

Bu yapon aeroportlarida texnika bilan o‘tkazilayotgan birinchi tajriba emas. Avvalroq Tokiodagi Haneda International aeroporti yo‘lovchilarga yuklarni tashishga yordam beruvchi va foydali ma'lumotlar taqdim qiluvchi robotni o‘z xizmatiga olgan edi.

Top