19:21 / 20.11.2015
32535

Parij voqealari: Uchinchi jahon urushi boshlandimi?

2015 yilning 13 noyabri Fransiya tarixiga mudhish kunlardan biri sifatida kirdi. Odatdagi kunlarning birida hamma kundalik yumushlari bilan band edi. Kimdir savdo qilgan, kimdir do‘stlari bilan kafe-restoranlarda suhbatlashib o‘tirardi. O‘n minglab muxlislar esa Fransiya va Germaniya terma jamoalarining o‘rtoqlik o‘yinini tomosha qilish uchun stadionga jam bo‘lishgan. Ammo shu lahzalarda sokin hayotga bir guruh qotil va jinoyatchilar qiyofasida notinchlik va qo‘rquv kirib keldi; terrorizm degan so‘z avval Parijni, so‘ngra butun dunyoni oyoqqa qalqitdi. Garchi shu vaqtga qadar sayyoramizning turli qismlarida qo‘poruvchilik harakatlari, qurolli mojarolar davom etib kelayotgan bo‘lsa-da, Parijning yetti joyida uyushtirilgan, 132 kishining umriga zomin bo‘lgan teraktlar va otishmalar bu tahdid rivojlangan, eng zamonaviy qurol-aslahalar va kuchli strategiyalarga ega bo‘lgan yurtlarga ham xavf sola olishini ko‘rsatdi. Parij voqealari avval atrof-tevarakda sodir bo‘layotgan shu kabi hodisalarga loqayd, beparvo qarab turgan davlatlar, hukumatlar va hattoki, oddiy fuqarolarni ham yana bir bor ogohlikka, ehtiyotkorlikka da'vat qildi, tinchlik va barqarorlikni ta'minlash, terrorizm, diniy ekstremizm va boshqa transmilliy tahdidlarga qarshi kurash uchun barcha kuchlarini birlashtirish vaqti allaqachon yetib kelgani haqida dunyo hamjamiyatiga bong urdi.

Parij voqealari nafaqat Fransiyaning milliy xavfsizligiga jiddiy raxna soldi, balki Yevropada kuzatilayotgan muhojirlar inqirozi masalasini hal etish lozimligini ham kun tartibiga olib chiqdi. Bu bo‘yicha keskin choralar ham ko‘rila boshlandi. Shunda yuz minglab qochqin va muhojirlar taqdiri savol ostida qoldi: endi ularning boshiga qanday sinovlar, ko‘rguliklar tushadi? Yevropa ularni qaytarib yuboradimi? Bu kabi savollarning qahraton qish eshik qoqib turgan paytda yangrayotgani urush iskanjasidan qochib, ming qiyinchiliklar bilan shu yerga qadar yetib kelgan kishilarning yana bir katta hayot-mamot sinovi – qorli-qirovli kunlarda och-nahor, boshpanasiz qolishi mumkinligini yodga soladi. Voqealar rivojidan ozmi-ko‘pmi xabardor inson sifatida aytish mumkinki, qochqinlarni umidbaxsh yangiliklar kutayotgani yo‘q. Ular ikki o‘t ichida qolishgan: na ortga – har kuni yuzlab tinch aholi vakillari jon berayotgan urush domiga qayta olishadi, na tinchlik va ro‘shnolik istab kelgan joy – Yevropada qo‘nim topa olishadi.

Parij voqealari nafaqat muhojirlar, balki Yevropada istiqomat qilayotgan, taraqqiy etgan davlatlarning fuqarolari hisoblangan musulmonlarning ham tinchligi, osoyishtaligiga ham putur yetdi. O‘zlarini madaniy jihatdan rivojlangan jamiyatga mansub deb hisoblovchilar orasida musulmonlar, islom dinini ko‘r-ko‘rona haqorat qiladigan soni ko‘paydi, bu kabi voqealarga boshqalar sukut bilan javob bermoqda. Shuning uchun bo‘lsa kerak, biror ojiz musulmonning yonini olganlar dunyo qahramoniga aylanmoqda, internet, ommaviy axborot vositalarida aslida har kim qilishi mumkin va insoniylik nuqtai nazarida shart bo‘lgan bu ish qahramonlikka tenglashtirilmoqda. Oddiy misol, yaqindagina londonlik Eshli Pouis jamoat transportida bir musulmon ayolni “terrorchi” deb haqorat qilishayotgan vaqtda o‘nlab yo‘lovchilar orasida uning yonini olgani haqida xabarlar tarqaldi.


Parij voqealari Yevropaning hamjihatligi va birligiga ham jiddiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Jumladan, ushbu hodisalarga aloqador bo‘lgan shaxslardan uch nafarining Belgiya fuqarosi ekani, bo‘lib ham ularning barchasi Molenbek tumanida yashagani Parij va Bryussel o‘rtasida tushunmovchiliklarni keltirib chiqardi. Belgiya Parijdagi teraktlardan so‘ng boshlangan tergov ishlarida maxsus xizmatlari faol ishtirok etib, terrorchilarning shaxsi va ular joylashgan hududlarni aniqlashda yordam berganini, ammo Fransiya rahmat aytish tugul, voqealarda Bryusselni ayblaganidan noroziligi bildirdi. Voqealar shu tahlit davom etsa, yaqin kelajakda Yevropa Ittifoqining mavjudligi ham savol ostida qolishi aniq. Chunki Yevrokengash asosini tashkil qiladigan ilg‘or davlatlardan Fransiya, Germaniya, Britaniya va Belgiya o‘rtasida aynan muhojirlar va Parij voqealari sabab ko‘plab tushunmovchilik va kelishmovchiliklar vujudga kelmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, ittifoq tuzilishi, asoslarini isloh qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarda manfaatlar to‘qnashuvini paydo qilmoqda. Britaniyaning islohotlarda o‘zi uchun alohida maqom talab qilayotgani, qolaversa Yevrokengashdan chiqish to‘g‘risidagi referendum o‘tkazilishi borasida gap-so‘zlar fikrimiz dalilidir.

Parij voqealari xalqaro terrorizm, xususan Iroq va Suriyada bir tomondan AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya, bir tomonda Rossiya harbiy havo kuchlari tomonidan olib borilayotgan harbiy amaliyotlarning kuchayishiga olib keldi. Ushbu kuchlar o‘z harakatlarini muvofiqlashtirish maqsadida faol muzokaralar olib bormoqda. Rossiya harbiy aviatsiya bilan bir qatorda, qanotli raketalar bilan zarbalar berishda AQSh tomonini ogohlantirayotgan bo‘lsa, qiruvchi va bombarbimon samolyotlarning ehtimoliy to‘qnashuvlarining oldini olish bo‘yicha ham mamlakatlar, xususan, Isroil va Rossiya o‘rtasida shtablararo kelishuvlarga erishilgan. Bundan tashqari, Suriya va Iroqda olib borilayotgan jang harakatlarining samaradorligini oshirish maqsadida yangi xalqaro koalitsiya tuzish, yer ustida jang harakatlarining olib borish, IShID moddiy ta'minotiga raxna solish va boshqa masalalar yuzasidan turli taklif va mulohazalar ilgari surilmoqda, uchrashuv va muzokaralar tashkil etilayapti. Bir so‘z bilan, Iordaniya qiroli Abdulla II ta'kidlaganidek, IShID dunyoda uchinchi jahon urushini boshlab berdi.
Parij voqealari sababli qariyb barcha mamlakatlarda xavfsizlik choralari kuchaytirilganini ham alohida ta'kidlab o‘tish joiz. Tabiiyki, bu fuqarolarning tinch va odatiy turmush tarziga ta'sir ko‘rsatadi. Shu vaqtga qadar hech kim eshigingiz qo‘ng‘irog‘ini chalmagan bo‘lsa, endi kunda-kunora huquq-tartibot mahkamalari xodimlari xavfsizlik tekshiruvini o‘tkazadi, ko‘cha-ko‘yda, jamoat joylarida qat'iy nazorat o‘rnatiladi. Bir so‘z bilan aytganda, tinchligingizni buzaverishadi. Bunda sizning qaysi davlatda yashayotganingiz ahamiyatga ega emas. Osoyishtalik, tinchlik va xotirjamlik hukm surayotgan yurtimizda ham xavfsizlikni ta'minlashga yanada kuchliroq e'tibor qaratilayotganini eshitayapmiz, o‘zimiz-da bunga guvoh bo‘layapmiz. Bu tabiiy holat, bekordan-bekorga, ko‘ngilxushlik uchun o‘tkazilayotgani yo‘q. Buni to‘g‘ri tushunishimiz va ogoh, xushyor bo‘lishimiz kerak.

Parij voqealari sababli, ehtimol, ommaviy axborot vositalarida terrorizmga qarshi kurash mavzusi juda ko‘p tilga olinayotgandir, uning tashkilotchisi hisoblangan IShID masalasi ham ayrimlarning me'dasiga tegib ulgurgandir. “Jonga tegdi shu Parijdagi terakt, IShID degan so‘z”, deydiganlar ham yetarlicha topiladi. Haqiqatdan ham, terrorizm, diniy ekstremizm oqibati, mevalari bo‘lmish bu so‘zlar bugun jahon trendiga chiqdi. Chunki butun dunyoning tinchligi va barqarorligi, sayyoramizda yashayotgan har bir kishining kelajagi va taqdiri mazkur masalaning hozir va shu yerda hal etilishiga chambarchas bog‘liq bo‘lib turibdi. Terrorizm shu qadar katta xavfga aylandiki, bugun urush olovi ichida qolayotgan Yaqin Sharq yoki Shimoliy Afrikadagi beqaror davlatlargina emas, iqtisodi rivojlangan, harbiy salohiyati qudratli va dunyo hamjamiyatida tutgan o‘rni mustahkam bo‘lgan mamlakatlar ham uning nishoniga aylanmoqda. Shunday ekan, ogohlikka, ehtiyotkorlikka chorlovlar hali-beri tugamaydi, toki IShIDning so‘nggi jangarisi yo‘q qilinguniga qadar, terrorizm ildizlari jamiyatdan uzil-kesil yulib tashlanguniga qadar bu masala kunning dolzarb mavzusi sifatida yangrayveradi.

Sanjar RUSTAMOV.

Top