18:53 / 20.11.2015
2286

Sen-Denidagi aksilterror amaliyoti vaqtida yana bir terrorchi yo‘q qilingani ma'lum bo‘ldi

Fransiya prokuraturasining ma'lum qilishicha, 18 noyabr kuni Parij shahri shimolidagi Sen-Deni tumanida o‘rnashib olgan terrorchilar guruhiga qarshi o‘tkazilgan aksilterror vaqtida 2 nafar emas 3 nafar jangari yo‘q qilingan.

Ulardan biri, guruh boshlig‘i, 13 noyabr kungi teraktlar tashkilotchisi hamda guruhning qolgan a'zolari bilan yangi terakt sodir etishga tayyorlangan Abdulhamid Abaud, ikkinchisi o‘zini portlatgan Hasna Aitbulaxan (Abdulhamidning amakivachchasi) ekani ma'lum bo‘lgandi. Amaliyot yakunida 7 nafar kishi terrorchilikda gumon qilinib, qo‘lga olingandi. 

Amaliyot vaqtida 5 nafar politsiyachi jarohatlangan, bir nafar tinch aholi vakili o‘qqa uchrab halok bo‘lgan.

BBC News xabariga ko‘ra, qamal qilingan hududdan yana bir kishining jasadi topilgan. Uning shaxsi aniqlanmagan, lekin ayol jinsiga mansubligi ma'lum.

13 noyabr kuni oqshomida terrorchilar Parijda 7ta nuqtada o‘z maqsadlarini amalga oshirishdi. Avvaliga "Stad de Frans" stadioni yaqinida portlash, keyin Sena daryosi bo‘yidagi kafelarda o‘t ochilishi, nihoyat "Bataklan" teatrida odamlarning qirg‘in qilinishi oqibatida 129 kishi halok bo‘lgandi.

Bugun jarohatlanib, shifoxonaga yotqizilgan 352 kishidan biri olamdan o‘tdi.

Fransiyada o‘sha kuniyoq favqulodda rejim holati o‘rnatilgan, 19 noyabr kuni bu rejim muhlati 3 oyga uzaytirilgan.

Teraktning yana bir tashkilotchisi sifatida gumon qilinayotgan Saloh Abdislom esa bir qator mamlakatlar bo‘ylab qidirilmoqda.

Top