09:13 / 21.11.2015
4191

Mali hukumati mehmonxonaga hujum tufayli necha kishi halok bo‘lganini ma'lum qildi

Mali prezidenti Ibrohim Bubakar Keyta 20 noyabr kuni Bamako shahridagi Radisson Blu mehmonxonasiga jangarilar tomonidan hujum uyushtirilishi oqibatida halok bo‘lgan istiqomatchilar va mehmonxona xizmatchilari sonini ma'lum qildi. Ma'lum qilinishicha, hujum qurbonlari soni 19 nafar, yana 7 kishi jarohatlangan.

Prezidentning qo‘shimcha qilishicha mehmonxonani ozod qilish vaqtida 2 nafar jangari yo‘q qilingan va mehmonxonada halok bo‘lganlar soni 21 nafarni tashkil etgan.

Bundan oldin BMT Tinchlikparvar korpusiga asoslanib tarqatilgan xabarlarda mehmonxonadan 27 kishining jasadi olib chiqilgani aytilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 20 noyabr kuni ertalab Mali poytaxti Bamako shahridagi Radisson Hotel Bamako mehmonxonasiga jangarilar bostirib kirdi va 170 kishini asirga oldi.
Garovdagilarni qutqarish uchun o‘tkazilgan amaliyotda Fransiya va AQSh, shuningdek BMT tinchlikparvar kuchlari vakillari ishtirok etishgan.

Bu hujum uchun javobgarlikni "Al-Qoida"ning Afrikadagi bo‘limlaridan biri "Al-Murabitun" guruhi o‘z zimmasiga olgan.

Top