08:35 / 23.11.2015
2312

Buxarestdagi tungi klubda ro‘y bergan yong‘in qurbonlari soni 60 nafarga yetdi

Ruminiya poytaxti Buxarest markazidagi mashhur tungi klublardan birida 31 oktabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan yong‘in natijasida qurbon bo‘lganlar soni 60 kishini tashkil etmoqda. Bu haqda Ruminiya hukumat xabar qilgan.

Xabar qilinishicha, 22 noyabr kuni Ruminiyaning Sinai shahridan bo‘lgan 19 yoshli talaba Avstriyaning Aygemaynes shahridagi shifoxonada jon bergan.

Eslatib o‘tamiz, 30 oktabrda binoning yerto‘lasida joylashgan tungi klubda bepul rok-konsert o‘tayotgan bo‘lganida yong‘in chiqqandi. Kontsertga 400 nafarga yaqin yoshlar yig‘ilgan. Pirotexnik shou vaqtida shiftdagi penoplastdan yasalgan bezak elementlari yonib ketgan. So‘ngra portlash yuz bergan. Guvohlarning aytishicha, ko‘pchilik sarosimada yagona chiqishga otilgan va u yerda tiqilinch yuz bergan. Ma'lum qilinishicha, ko‘pchilik nafas siqishdan halok bo‘lgan.

Yong‘in ro‘y berganda voqea joyida 26 kishi halok bo‘lgandi. 150 nafardan ortiq kishi shifoxonalarga yetkazilgan. Jarohatlanganlarning 30 nafardan ortig‘i Buyuk Britaniya, Isroil va Niderlendiya kabi mamlakatlarga davolanish uchun yuborilgandi.

Ruminiyaliklar bu fojia tufayli ommaviy namoyishlar o‘tkazishgan, natijada bosh vazir Viktor Pont iste'foga chiqqandi.

Top