20:56 / 23.11.2015
7337

Ilmiy tushunchalarning sodda ifodasi

Qora tuynuk yoki bir necha o‘lchamli olamni qanday tasavvur qilsa bo‘ladi? Global moliyaviy inqiroz qanday boshlangan? Bularni ilmiy izohlab yozilgan maqola va risolalar ko‘p. Lekin sodda til bilan qanday tushuntirish mumkin? Ayniqsa, bolalarga. “Look At Me” resursi mutaxassislar tomonidan sodda til bilan tushuntirib berilgan ayrim ilmiy qarashlarni o‘quvchilar e'tiboriga havola qildi. Xabardor.uz tarjimasi.

Zarralar fizikasi nima? 

Pol Sorenson, fizik 

“Do‘stim ikkimiz kichkina buyumlarni bir-birimizga dumalatib, ularni yanada maydaroq bo‘lakka bo‘lamiz. Biz eng kichkina bo‘lak paydo bo‘lmagunicha buyumlarni bir-birimizga dumalataveramiz. Shunday tarzda buyum nimadan iboratligini bilib olamiz”.

 

Immunitet qanday ishlaydi?

Ana Lobato, immunolog 

“Bizning tanamiz mehmonlarni unchalik ham xushlamaydi, ayniqsa, do‘stdek tuyulmagan mehmonlarni. Biror mehmon “tashrif buyursa”, hujayralarimiz turli ko‘zlari bilan ularga “tikilishadi”. Turli “ko‘zlar” turli shakllarni ko‘rishadi va bu “mehmon”ning kimligini va unga qanday munosabatda bo‘lish kerakligini bilib olishadi. Ular oddiy ko‘zlarga o‘xshamaydi, balki xuddi kichkina qo‘lchalardek harakat qilishadi. Ularning yordamchi-do‘stlari juda ko‘p va qanchalik ko‘p bo‘lishsa shunchalik yaxshi. Ular birgalikda notanishga hujum qilishadi va uni yeb qo‘yishadi. “Mehmon”ni yeb bo‘lishgach, uning qoldig‘ini boshqa do‘stlariga ham ko‘rsatishadi va uning kim ekanligini bildirishadi. Tanamiz shu tarzda bizni kasalliklardan himoya qiladi”. 

 

Kvant kompyuter qanchalik kuchli? 

Umesh Vazirani, Kaliforniya universiteti professori 

“Bir rivoyat bor. Menimcha, u shoh Akbarning vaziri Birbal haqida. Shoh uning xizmatidan shunchalik minnatdor bo‘ladiki, har qanday tilagini ro‘yobga chiqarish orqali vazirni mukofotlamoqchi bo‘ladi. Vazir undan guruch so‘raydi. U shaxmat taxtasining birinchi katagiga bir dona, ikkinchi katagiga ikki dona, uchinchi katagiga to‘rt dona guruch qo‘yib, shu tarzda guruch donalarini ko‘paytirib borishlarini so‘raydi. Xazinabon berilayotgan guruchni hisoblashni boshlaydi va ular shaxmat taxtasining oxirgi katagiga yetib bormaslaridanoq omborda guruch qolmaydi. Hisoblashning kvant algoritmi ham quvvatning xuddi shunday ko‘rinishda oshib borishini ko‘rsatadi”. 

 

Qora tuynukni qanday ko‘rsatish mumkin? 

Robert Frost, ta'lim yo‘riqnomalari bo‘yicha mutaxassis 

“Bir bo‘lak plyonka oling, uni qo‘llaringizda ikki tomonga tortib tekislang va og‘irligi tufayli plyonka pastga tortilishi uchun o‘rtasiga sharcha qo‘ying. Bir necha tomchi suvni plyonkaga tomizing va tomchilar sharcha tomonga dumalab borishini kuzating. Bu gravitatsiya qanday ishlashini ko‘rsatadi. Sharchani olib tashlang va farzandingizga plyonka markazini barmog‘i bilan bosishini ayting. U plyonkani qanchalik kuch bilan bossa (jism qanchalik og‘ir bo‘lsa), tuynuk shunchalik kuchliroq bo‘lishini tushuntiring. Keyin esa farzandingizga plyonka o‘rtasini teshishini ayting, bu o‘ta og‘ir jismni ifodalaydi. Mana shu teshikdan suv tomchilari tushib ketadi. Demak, qora tuynuk shunchalik og‘ir jismki, u bo‘shliqni buka oladi. Uning ichiga tushib qolgan barcha narsa xuddi tomchilar kabi yo‘qolib ketadi”.

 

“Lehman Brothers” inqirozga qanday uchradi?

(jahon iqtisodiy inqirozining boshlanishi) 

Netan Mayyers, iqtisodchi

“Bir yigitcha do‘kondan narxi 1 dollardan 10 dona “Snikers” sotib oldi va maktabda o‘sha kunning o‘zida 1,5 dollardan sotib yubordi. U pul ishlash shunchalik osonligini ko‘rgach, ertasiga 100 dona shokolad sotishni o‘yladi. Yuz dona “Snikers” sotib olish uchun u bir necha og‘aynisidan 10 dollardan qarz oldi. Lekin u ertasiga maktabga kelganida, zalda 75 sentdan shokolad sotuvchi avtomat mashinaga ko‘zi tushdi. Tabiiyki, hech kim undan 1,5 dollardan shokolad sotib olmadi va u ham narxni 75 sentga tushirishga majbur bo‘ldi. Oqibatda u topgan pul do‘stlaridan olgan qarzini qaytarishga yetmadi va do‘stlari uni do‘pposlashdi”.

Koinotning ko‘p o‘lchamli bo‘shlig‘ini qanday tasavvur qilish mumkin?

Greg Landsberg, fizik 

“Qo‘lingizda ushlab turgan bir varaq qog‘ozda chumoli yurayotganini ko‘z oldingizga keltiring. Chumoli uchun uning “koinoti” ikki o‘lchamli, chunki u varaq yuzasini tark eta olmaydi. U faqat shimol, janub, sharq va g‘arb borligini, varaq yuzasida ekan, hech qachon yuqoriga yoki pastga yura olmasligini biladi. Qandaydir ma'noda biz ham ko‘p o‘lchamli koinotning uch o‘lchamli olamida yashaymiz.

Fiziklarning taxmin qilishlaricha, agarda haqiqatan ham qo‘shimcha o‘lchamlar bo‘lsa, ular o‘ralgan holatda mavjuddir. Chumoli bilan bog‘liq misolga qaytamiz: biz qog‘ozni silindr holatiga keltirib o‘raymiz. Bu holatda chumoli bir yo‘nalishda harakatlanadi va oxir-oqibat harakatni boshlagan nuqtasiga qaytib keladi. Bu ixchamlashgan o‘lchamga misol bo‘ladi. Agar chumoli silindr uzunligiga parallel ravishda harakatlansa, u hech qachon harakatlana boshlagan nuqtasiga qaytib kelmaydi (silindrning uzunligini cheksiz deb tasavvur qilsak). Bu “tekis” o‘lchamga misol bo‘ladi. Nazariyotga ko‘ra, biz o‘zimizga tanish bo‘lgan “tekis” uch o‘lchamli olamda yashaymiz, lekin qo‘shimcha o‘lchamlar ham mavjud bo‘lib, ular o‘ta kichik darajali radius ostida o‘ralgan”.

Top