20:29 / 23.11.2015
2230

Keniyalik yengil atletikachilar milliy federatsiya oldida namoyish uyushtirishdi

Keniyalik bir guruh yengil atletikachi sportchilar Nayrobi shahridagi shu sport bo‘yicha federatsiya shtab-kvartirasi oldida to‘planishdi. Standard Digital nashrida yozilishicha, ular federatsiyani samarasiz faoliyat yuritayotganlikda ayblab, norozilik namoyishi uyushtirishgan.

Ular bino atrofida yig‘ilishgan vaqtda bino ichidagi amaldorlar o‘z xonalariga qamalib olishgan.

Voqea joyiga politsiyachilar chaqirilgan.

Namoyishchilar aynan qanday talablar bilan chiqishganiga aniqlik kiritilmagan.

Bu voqea bo‘yicha fikr bildirar ekan, federatsiya rahbari Isayya Kiplagat bu namoyishda qatnashgan sportchilar orasida jiddiy vakillar yo‘qligini, ayni damda terma jamoa a'zolari bo‘lgan asosiy sportchilar mashg‘ulot o‘tkazish bilan bandligi va ularda ko‘chada namoyish uyushtirish uchun vaqt yo‘qligini aytib o‘tgan.

15 noyabr kuni Keniya politsiyasi federatsiya tarkibidagi bir qator amaldorlarning poraxo‘rlik jinoyati sodir etgani bo‘yicha jinoiy ish ochgandi. O‘sha kuni WADA (Butundunyo antidoping agentligi) Xalqaro olimpiya qo‘mitasiga yengil atletika sport turini Rio-2016 olimpiadasidan chiqarib tashlashni taklif qilgandi.

Noyabr oyi boshida Keniya MOQ rahbari Kipchoge Keyno WADA tomonidan keniyalik sportchilarni xalqaro turnirlardan 4 yilga chetlashtirishi mumkinligi haqida xabar qilgandi.

Top