19:52 / 23.11.2015
7993

O‘lgan deb hisoblangan xitoylik qiz 10 yildan buyon internet-kafeda yashagani ma'lum bo‘ldi

10 yil oldin uyidan qochib ketgan xitoylik qiz 22 noyabr kuni uyiga qaytib keldi. Ma'lum bo‘lishicha, uni qidirish ishlari foyda bermagach, barcha uni o‘ldiga chiqargandi. U esa ota-onasiga o‘tgan vaqt davomida internet-kafeda yashagani haqida aytib bergan.

Shanghaiist nashrining yozishicha, Chjetszyan viloyati, Xendyan shahrida yashagan bu qiz 14 yoshligida o‘z oilasini tashlab ketgan, bunga onasi bilan qattiq janjallashib qolgani sabab bo‘lgan. Ota-ona uni uzoq vaqt davomida qidirgan, biroq natija bo‘lmagan.

10 yil o‘tibgina, politsiya ushbu bedarak yo‘qolgan qizni Xanchjou shahridagi internet-kafedan topgan. U o‘z ismini o‘zgartirgan, internet kafeda ovqatlangan, uxlagan, o‘yinlar o‘ynash bilan band bo‘lgan. U internet-kafega o‘ynash uchun kelgan boshqa bolalar bergan pullar hisobiga yashab kelgan.

Endilikda 24 yoshga chiqqan bu ayolga hujjatlarni qalbakilashtirganlik uchun 1000 yuan jarima tayinlangan. Politsiyachilar uning ota-onasiga qo‘ng‘iroq qilib, farzandlarini olib ketishni so‘ragan.

Jurnalistlarga intervyu bergan ona, boshqa hech qachon qizini xafa qilmasligi haqida so‘zlagan.

Top