16:16 / 24.11.2015
2816

"Boing" samolyotining O‘sh aeroportiga noqulay qo‘nishiga dvigatel tizimidagi nosozlik sabab bo‘lgan

Qirg‘izistonning O‘sh viloyati hududiga avariyaviy holatda qo‘nishga majbur bo‘lgan «Boing» samolyotida o‘ng dvigatel va gidravlika tizimida kelib chiqqan nosozliklar sabab bo‘lgan. Bu haqda mamlakat Bosh prokuraturasi axborot xizmati xabar tarqatdi.

Manbaga ko‘ra, 2015 yilning 22 noyabr kuni «Krasnoyarsk - O‘sh» yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qiluvchi, bortida 154 yo‘lovchi va 6 nafar ekipaj a'zolari joylashgan «Boing-737» samolyoti havoning keskin yomonlashuvi sabab Bishkekdagi «Manas» aeroportida qo‘nishiga to‘g‘ri kelgan. Havo yaxshilanguniga qadar samolyot yoqilg‘i qo‘yib olgan va shundan keyin yana parvoz qilgan. O‘sh hududiga kelganda taxminan 3000 metr balandlikda samolyotning o‘ng tomon dvigateli va gidravlika tizimi noma'lum sabablarga ko‘ra ishdan chiqqan. Natijada layner komandiri O‘sh aeroportiga avariya holatida qo‘nishga majbur bo‘lgan».

Avariya holatida qo‘nish vaqtida samolyot taxminan 1500 metr balandlikda bo‘lgan.

O‘sh tibbiyot muassasalari bergan ma'lumotga ko‘ra, mazkur voqea natijasida 10 nafar yo‘lovchi kichik miya chayqalishi va mayda shishish kabi jarohatlar olgan. Og‘ir jarohat olganlar qayd qilinmagan.

Hozirda mazkur voqealarni batafsil o‘rganish bo‘yicha tergov ishlari olib borilmoqda.

Top