10:29 / 24.11.2015
2297

Og‘ir atletika federatsiyasi Bolgariyani Rio-2016dan chetlatdi

Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi (IWF) ijroiya qo‘mitasi Bolgariya terma jamoasini 2016 yili Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlaridan chetlatish haqida qaror qabul qildi. Bunga sabab bolgariyalik og‘ir atletikachilarning tez-tez dopingga qarshi kurash qoidalarini buzganligi bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar tarqatgan.

Jumladan, joriy yilning mart oyida Bolgariya terma jamoasining 8 nafar erkak va 3 nafar ayol sportchisida taqiqlangan dori vositalaridan foydalanganligi aniqlangan.

Bundan tashqari, IWF Ruminiya terma jamoasidan bitta Olimpiya yo‘llanmasini olib tashladi. Buning boisi, ushbu yurt vakillari saralash musobaqalarida bir necha bor taqiqlangan dori vositalarini iste'mol qilgan.

Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi, shuningdek, Xyuston shahri (AQSh)da o‘tkazilayotgan jahon chempionati bahslaridan Tojikiston, Gonduras, Gvatemala, Panama va Serra-Leone davlati terma jamoalarini chetlatishga qaror qildi.

Yuqorida nomlari zikr etilgan davlat vakillari dopingga qarshi kurash xizmati xodimlariga o‘zlarining qayerda ekanliklarini ma'lum qilishmaganliklari bois, mana shunday keskin qarorga kelingan.

Top