16:18 / 25.11.2015
3047

Fransiya bosh vaziri: YeI bundan keyin qochqinlarni qabul qilishi mumkin emas

Fransiya bosh vaziri Manuel Valsning ma'lum qilishicha, Yevropa Ittifoqi bundan keyin Yaqin Sharqdan qochqinlarni qabul qilishni to‘xtatishi va chegaralarni kuchaytirishi kerak.

"Bu bilan men Germaniya siyosatini tanqid qilmoqchi emasman. Germaniya o‘z tanlovini amalga oshirdi va bu bilan barcha mas'uliyatni o‘z zimmasiga oldi", deya qayd etgan Vals jurnalistlar bilan uchrashuvi vaqtida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayniqsa Fransiya va Belgiya o‘z chegaralarini mustahkamlashi kerak.

Vazirning qayd etishicha, Fransiya 2015-2016 yillarda o‘z hududiga qabul qilishi belgilangan 30 ming qochqinni kutib olish bo‘yicha majburiyatini bajaradi.

"Lekin fransuzlar Parij terakti ijrochilari orasida qochqin sifatida yurtimizga kelganlar bo‘lganini bilishadi. Bu esa butun Yevropa chegaralarida nazorat kuchaytirilishi kerakligini anglatadi", deydi u.

Biroz oldinroq, Makedoniya va Gretsiya hududida to‘xtatilgan qochqinlar bunga qarshi norozilik sifatida o‘z og‘izlarini tikish aksiyasini o‘tkazishayotgani ma'lum bo‘lgandi.

13 noyabr kuni Parijda sodir etilgan teraktlardan keyin YeIning ko‘plab davlatlari chegaralari nazoratini kuchaytirishga kirishgan.

Top