20:47 / 25.11.2015
5123

Qozog‘istonda nogiron odam 9 oy qullikda ushlab turildi

Qozog‘istonning Aktau viloyatida jinoyatchilar bir oyog‘i yo‘q nogiron kishini avtovokzaldan o‘g‘irlab ketib, 9 oy davomida qullikda saqlashdi. Ular erkak kishining nafaqa pullarini olib, tilamchilik qilish va urishishga majburlashgan. Bu haqda Nur.kz xabar berdi.

Xabarda keltirilishicha, 1963 yilda tug‘ilgan B. 2014 yilning oktabr oyida Chimkentga, otasining dafn marosimiga otlangan. Avtovokzalda u yo‘l-yo‘lakay suhbatlashib kelgan ayol kishi bilan tanishgan. Notanish ayol unga tinchlantiradigan dori bergan, biroq u psixotrop vosita bo‘lib chiqqan.

U o‘ziga kelganida endi qul ekanini aytishgan va bozorda sadaqa so‘rashga majburlangan, B.ning irodasini sindirish maqsadida muntazam ravishda psixotrop dori vositasi berib borilgan. Kechqurunlari esa “xo‘jayin”larining ko‘nglini olish maqsadida o‘zi kabi nogironlar bilan yoqalashishga majbur qilingan.

Kunlarning birida baxtli tasodif tufayli ko‘chaga qo‘ltiqtayoqlarisiz chiqib olgan nogironga ikki noma'lum yigit va qiz ko‘mak beradi va shu bilan u ozodlikka chiqadi.

Qayd etilishicha, B. psixotrop vositalar ta'sirida xotira bilan bog‘liq jiddiy muammoga duch kelgan, ijtimoiy moslashuv markazida davolanayotgan vaqtda uni qulliqda saqlaganlar bundan foydalanib, shikoyati yo‘qligi haqidagi tilxatga qo‘l qo‘ydirib olgan. Ayni paytda jabrlanuvchining oila a'zolari adolat tiklanishidan umid qilishmoqda.

Top