14:03 / 26.11.2015
12845

New Yorker: Suriya butunlay o‘zgardi

Fransiya prezidenti Fransua Olland Suriyani va butun dunyoni xalqaro terrorchilikdan qutqarish yo‘lida birlashishga chaqirmoqda, ammo, The New Yorker jurnali kolumnistining fikricha, Suriyani birinchi navbatda uning o‘zidan qutqarish lozim.

Ayni paytda qariyb 15 mln suriyaliklar o‘zlarini boqa olmaydi, ularning yarmidan ko‘prog‘i doimiy daromad manbaiga ham ega emas. Suriyaning 22 mln fuqarosidan 65 foizi o‘z uylarini tark etdi. Katta qismi mamlakatdan ham butunlay chiqib ketdi. BMT ma'lumotlariga qaraganda, suriyaliklarning 75 foizi qashshoqlikda yashaydi, beshdan bir qismi esa ochlikdan aziyat chekmoqda.

YUNISEF Suriya butun boshli bir avlodni yo‘qotayotganidan xavotirda, negaki 3 mln dan ortiq bola maktabga bormayapti. O‘quv muassasalarining 25 foizi ishlamayapti.

“Suriya ortga qaytmaydigan bo‘lib o‘zgardi. U qora tuynukka aylanmoqda”, - tan oldi Oklaxoma shtati universitetining Yaqin Sharq bo‘yicha mutaxassisi Joshua Lendis.
Suriyada ilgaridan tinchlik bo‘lmagan. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Fransiyadan mustaqil bo‘lgan davlatda 20 marta davlat to‘ntarishi o‘tkazildi. 1970 yilda harbiy havo kuchlarining sobiq generali Hofiz Asad hokimiyatni egallab oldi.

Ayni paytda Suriyada o‘zaro dushmanlik qilayotgan ko‘plab diniy, etnik, siyosiy va konfessional guruhlar bor. Suriyaliklarning aksariyat qismi musulmon bo‘lishiga qaramay, xalq ko‘plab oqimlarga, etnoslarga bo‘linib ketgan, va ular bir yetakchi atrofida birlashishi juda murakkab masaladir, deb hisoblaydi muallif. Aynan shu bois bugungi kunga qadar Bashar Asadning o‘rnini egallaydigan muqobil nomzod topilmagan.
“U yerda milliy o‘zlik yo‘q. Va biz buni ularning o‘rniga yaratib bera olmaymiz”, - xulosa qildi jurnalist.

Top