14:14 / 26.11.2015
6663

Powertrain: bizning dvigatellarimiz gazga emas, benzinga mo‘ljallangan

GM Powertrain Uzbekistan O‘zbekiston-AQSh qo‘shma korxonasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan dvigatellar gazda emas, benzinda ishlashga mo‘ljallangan. Bu haqda korxona bosh direktori Jyennifer Bigelou AQShning Toshkentdagi elchixonasida o‘tkazilgan matbuot anjumani chog‘ida bayonot berdi.

Ilgariroq xabar qilinganidek, Bigelou xonim qo‘shma korxona samaradorroq dvigatel yaratish ustida ishlayotganini xabar qildi.

“Korxona kelajak haqida o‘ylagan holda yangi, samaradorroq dvigatel yaratish ustida ishlamoqda”, - dedi u.
“Bizning ekologiyaga bo‘lgan talablarimiz juda qattiq, - ta'kidladi Bigelou xonim. – Masalan, suvni biz quduqdan olamiz va yaxshilab tozalaymiz. U yerda biz kuchli tozalash inshootlarini o‘rnatganmiz”.
Jurnalistlardan biri gazda ishlaydigan Lacetti Gentra foydalanuvchilari silindr bloki tez ishdan chiqishidan noliyotganini aytdi. Bunga javoban direktor “bizning motorlarimiz gazga emas, benzinga mo‘ljallangan”, deb javob berdi.

Ma'lumot uchun, GM Powertrain Uzbekistan yengil avtomobillar uchun yiliga 1.2 va 1.5 ml hajmli 225 ming dona kuch qurilmalarini ishlab chiqaradi. U Asakadagi asosiy avtoyig‘ish konveyeriga Spark, Cobalt, Lacetti (Gentra) rusumlariga mo‘ljallangan dvigatellar yetkazib beradi.

Top