07:36 / 26.11.2015
13249

Turkiya-Suriya chegarasida yuk mashinalar karvoni bombardimon qilindi

Turkiya-Suriya chegarasida 20 ta yuk mashinadan iborat karvon bombardimon qilindi. Hujum mashinalar Turkiya chegarasidan 5 km uzoqlikda bo‘lganda va Suriyaning A'zaz shahriga ketayotganda amalga oshirilgan. Hujum oqibatida kamida 7 nafar odam (barchasi haydovchilar) halok bo‘lgan va yana 10 kishi jarohat olgan.

Yuk mashinalarda tijorat mahsulotlari va gumanitar yordam olib ketilayotgan bo‘lishi mumkin. Turkiyaning Hurriyet nashri ma'lumotlariga ko‘ra, yuk mashinalari qochqinlar lageriga ketayotgan bo‘lgan.

Hujumni kim amalga oshirgani noma'lumligicha qolmoqda. Humanitarian Relief Foundation gumanitar tashkilotining tvitterida ta'kidlanishicha, yuk mashinalari Rossiya samolyotlarining havodan bergan zarbalariga uchragan. Nashrning ta'kidlashicha, buni Suriya aviatsiyasi amalga oshirgan bo‘lishi mumkin.

Top