15:04 / 27.11.2015
18160

Islom Karimov: Namangan shahri chegaralarini aniqlashtirish kerak. Qayerda shahar, qayerda tuman boshlanishini bilib bo‘lmaydi

26 noyabr kuni xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nutq so‘zladi. Nutqning to‘liq matni UzA saytida joylashtirilgan.

Majlisda viloyatda ma'muriy-hududiy tuzilish masalasida yuzaga kelgan jiddiy muammolar haqida atroflicha fikr yuritildi.
«Ba'zi joylarda qayerda shahar, qayerda tuman boshlanadiyu qayerda tugashini aniq bilib bo‘lmaydi. Bu borada, ayniqsa, Namangan tumani va Namangan shahrining ma'muriy chegarasini qaytadan ko‘rib chiqish talab etiladi.

Amaldagi chegaralar shunday o‘tkazilganki, shaharning rivojlanishi uchun zaxira yerlar nazarda tutilmagan va buning oqibatida tuman va shaharning yerlari tutashib ketgan. Eng yomoni, shahar va tumanlar rahbarlarining hududlarni rivojlantirish masalasidagi mas'uliyati va javobgarligi aniq emas. Bu masalani atroflicha ko‘rib chiqib, uning amaliy yechimini topishimiz kerak.

Men sentabr oyida Uychi, Mingbuloq, To‘raqo‘rg‘on tumanlarida bo‘lib, viloyat rahbariyati tomonidan ko‘pgina sohalarda oqsoqlikka yo‘l qo‘yilganiga, ayni vaqtda mamlakatimiz hukumatining ham Namanganga e'tibori birmuncha susayib qolganiga ishonch hosil qildim», — dedi Islom Karimov.

"Yuzaga kelgan bunday ahvolning sabablari haqida gapirganda, avvalo, viloyatda strategik ahamiyatga ega bo‘lgan, tashqi bozorga mahsulot chiqaradigan yirik sanoat korxonalarini qurish masalalariga yetarlicha e'tibor berilmayotganini ta'kidlash kerak. Buni keyingi yillarda viloyatning yalpi hududiy mahsulotida sanoatning ulushi atigi 11 foizga yaqinni tashkil etayotgani ham isbotlab turibdi. Holbuki, mamlakatimiz miqyosida bu raqam ikki barobardan ziyod ko‘p bo‘lib, 25 foizdan iborat. Shuning uchun ham hozirgi kunda Namangan viloyatining mamlakatimiz sanoatidagi ulushi juda past darajada – bor-yo‘g‘i 2,7 foiz bo‘lib qolmoqda. Bu albatta hech kimni qoniqtirmaydi.

Joriy yilda viloyatdagi 10 ta yirik sanoat korxonasida mahsulot ishlab chiqarish hajmi 36 milliard so‘mga kamaygan, aholi jon boshiga iste'mol tovarlari ishlab chiqarish esa mamlakatimizdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 1,7 barobar orqada qolgan.

Eng yomoni, mavjud korxonalarning aksariyati to‘la quvvat bilan ishlamayapti. Bunga esa ishlab chiqarishga korporativ boshqaruv tizimini joriy etish, menejment ishini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, bu borada zamonaviy usullardan foydalanish bo‘yicha deyarli siljish yo‘qligi sabab bo‘lmoqda. Natijada buyurtma portfeli nomiga shakllantirilmoqda, bir qator korxonalarning moliyaviy ahvoli yildan-yilga yomonlashmoqda, ularning texnika va texnologiyalari eskiligicha qolmoqda.

Bugungi kunda viloyat bo‘yicha 327 ta yoki jami sanoat korxonalarining 10 foizi faoliyat ko‘rsatmayotgani, 16 foizi esa past quvvat bilan ishlayotganini afsus bilan qayd etishga to‘g‘ri keladi.

Bu boradagi ahvolni xolisona tahlil qilib aytadigan bo‘lsak, viloyatning ko‘pgina tumanlarida xomashyo va ishchi resurslari, tegishli infratuzilmalar yetarli bo‘lishiga qaramasdan, zamonaviy sanoat korxonalari barpo etish bo‘yicha tashabbus va amaliy harakatlar deyarli sezilmayapti.
Shu munosabat bilan ilgari ham ko‘p bor aytgan gapni yana takrorlashga to‘g‘ri keladi – faqat paxta, g‘alla va sabzavot yetishtirish, faqat agrar soha hisobidan yangi korxonalar, uy-joylar qurish, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni o‘z vaqtida to‘lash, ijtimoiy ehtiyojlarni bajarish, ko‘payib borayotgan aholimizni boqish mumkinmi", deydi prezident.

Bu sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi va Bahodir Yusupov Namangan viloyati hokimi vazifasidan ozod qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tavsiyasiga ko‘ra, viloyatning Mingbuloq tumani hokimi vazifasida ishlab kelayotgan Xayrullo Bozorov Namangan viloyati hokimi etib tasdiqlangani haqida xabar berilgandi.

Top