14:48 / 27.11.2015
5593

Samvel Babayan O‘zbekiston olimpiya terma jamoasini ham boshqarishni boshlaydi

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining yangi murabbiylar shtabi tasdiqlandi. Bu haqda O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

"O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining Qatarda bo‘lib o‘tadigan 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida yuqori saviyada ishtirok etishini ta'minlash, 2016 yilgi Olimpiya o‘yinlarining futbol musobaqasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritish yo‘lidagi tayyorgarliklarni yanada kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston futbol federatsiyasi Prezidenti qaroriga asosan olimpiya terma jamoasining yangi murabbiylar shtabi tasdiqlandi", deyiladi xabarda.

Shtab quyidagicha ko‘rinish oldi:

Bosh murabbiy: Samvel Babayan

Katta murabbiy: Viktor Jalilov

Murabbiy: Ravshan Haydarov

Jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy: Andrey Shipilov

Darvozabonlar murabbiyi: Anvar Rashidov

Ilmiy uslubiy guruh: Gregoriy Kolosovskiy, Farhod Abduqodirov

Shifokor: Umid Bahromov

Ma'mur: Vitaliy Jalilov

Shu bilan birga yangi bosh murabbiy rahbarligidagi O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining dekabr va yanvar oyidagi ish rejasi tasdiqlandi.

Qayd etish kerakki, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining oldiga Braziliyada bo‘lib o‘tadigan Olimpiya musobqalariga yo‘llanmani qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilgan.

Babayan O‘zbekiston olimpiya termasi bosh murabbiyligi lavozimida Viktor Jalilovning o‘rnini egalladi. Jalilov 2015 yilning 23 iyunidan beri olimpiyachilarni boshqarib kelayotgandi.

Ma'lumot uchun, Samvel Babayan O‘zbekiston milliy terma jamoasining amaldagi bosh murabbiyi hisoblanadi. Endi u har ikkala jamoa natijalari uchun javobgar hisoblanadi.

Top