09:04 / 28.11.2015
5947

Ukraina Turkiyaga Rossiya o‘rniga g‘alla yetkazib berishi mumkin

Ukraina Turkiyaga Rossiya o‘rniga g‘alla va kungaboqar moyini yetkazib berishi mumkin. Bu haqda Ukraina g‘allachilik uyushmasi prezidenti Vladimir Klimenko ma'lum qildi, deb xabar bermoqda “Interfaks-Ukraina” agentligi.

“Agar Rossiya Turkiyaga yetkazib berishlarni to‘xtatsa, unda Ukraina u yerga mahsulot yetkazib berishi mumkin. Bizda u yerga olib borsa bo‘ladigan mahsulotlar bor. Nafaqat bug‘doy va makka doni, balki kungaboqar moyini ham yetkazib berishimiz mumkin”, deb aytdi Klimenko.

Agentlikka “AAA” konsalting kompaniyasi tahliliy bo‘limi boshlig‘i Mariya Kolesnik tahliliy fikrni bildirdi.

“Ukraina bug‘doyi bo‘shayotgan bo‘shliqni egallashi mumkin. Bizning oziq-ovqat g‘allamizning sifati yuqori, shuning uchun agar shunday zarurat paydo bo‘lsa, bizning treyderlar tezda bunga javob berishadi”, deb aytdi Kolesnik.

Rossiyaning sobiq moliya vaziri Aleksey Kudrinning fikricha, Turkiyaga qarshi sanksiyalar Rossiyaning o‘ziga ziyon keltirishi mumkin, shuning uchun bu masalaga ehtiyotkorlik bilan yondashish lozim.

Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev hukumatga Turkiya tomonidan Su-24 harbiy samolyotining urib tushirilishiga javoban Turkiyaga qarshi iqtisodiy va gumanitar choralar majmuasini ishlab chiqish vazifasini yukladi.

Top