07:34 / 29.11.2015
23166

Putin Turkiyaga nisbatan maxsus iqtisodiy choralar qo‘llash bo‘yicha farmonni imzoladi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Turkiyaga nisbatan maxsus iqtisodiy choralar qo‘llash bo‘yicha farmonni imzoladi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati ma'lum qildi.

Putin o‘z farmoni bilan Rossiyaga Turkiyadan muayayn turdagi mahsulotlarni olib kirishga taqiqlov yoki cheklov kiritdi. Mahsulotlar ro‘yxati Rossiya hukumati tomonidan belgilanadi.

Putin Rossiya hukumatiga taqiqlov kiritiladigan tegishli mahsulot, ishlar (xizmatlar) ro‘yxatini tuzib chiqish vazifasini yukladi.

“Rossiyaning milliy xavfsizligi va milliy manfaatlarini, Rossiya fuqarolarini jinoiy va boshqa qonunga zid harakatlardan himoya qilish maqsadida” farmonda Turkiya himoyasida bo‘lgan tashkilotlar tomonidan Rossiyada muayyan turdagi ishlarning bajarilishiga taqiqlov kiritilishi ham ko‘zda tutilgan.   

Shuningdek, rossiyalik ish beruvchilarga 2016 yil 1 yanvardan Turkiya fuqarolarini ishga jalb qilish taqiqlanadi.

Shuningdek, Putin 2016 yil 1 yanvardan Turkiya bilan vizasiz tartibning amal qilishini to‘xtatish haqidagi farmonni imzoladi.

Turoperatorlarga Turkiyaga tashrif buyurishni ko‘zda tutuvchi sayyohlik mahsulotlarini sotmaslik tavsiya qilindi. Shuningdek, Putin hukumatga Rossiya va Turkiya o‘rtasida charter havo tashishlariga taqiqlov kiritishni ko‘zda tutuvchi choralarni ishlab chiqishni buyurdi.

Top