01:13 / 29.11.2015
3804

Toshkentdagi Sharq yakkakurashlari festivalida mavsumning eng yaxshi yakkakurashchilari nomi aytildi

Toshkentda 28 noyabrda Sharq yakkakurashlari va jang san'atlari festivali bo‘lib o‘tdi. Unda 2015 yilning sportning bu yo‘nalishidagi eng yaxshi sportchilari nomlari e'lon qilindi.

Sharq yakkakurashlari va jang san'atlarini rivojlantirish markazi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, Chelyabinskda O‘zbekiston tarixida birinchi marta taekvondo bo‘yicha jahon chempionati oltin medalini qo‘lga kiritgan taekvondochi Dmitriy Shokin “Yilning eng yaxshi erkak sportchisi” deb topildi.

O‘zbekiston ayollar dzyudosi tarixida Sarayevoda o‘tkazilgan kadetlar o‘rtasidagi jahon chempionatida birinchi marta oltin medal qo‘lga kiritgan Diyora Keldiyorova “Yilning eng yaxshi ayol sportchisi” deb topildi.

“Yilning eng yaxshi murabbiyi” sifatida taekvondo bo‘yicha murabbiy Aleksandr Kim e'tirof etildi.

Boks federatsiyasi o‘tkazgan musobaqalar seriyasi “Yil voqeasi” yo‘nalishida g‘olib bo‘ldi. Shuningdek, boks federatsiyasi “Yilning eng yaxshi federatsiyasi” deb topildi.

“Eng yaxshi xalqaro hamkorlik” uchun mukofot Karate federatsiyasiga topshirildi.

“O‘zining ulkan hissasini qo‘shgan sharq yakkakurashlari faxriysi” sifatida o‘zbek jang san'ati asoschisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy Po‘lat Usmanov e'tirof etildi.

“Sport jasorati” yo‘nalishida bosh mukofotni paralimpiyachi dzyudochi Sherzod Namozov qo‘lga kiritdi.

Festival doirasida shuningdek “Malika To‘maris-2015” tanlovi finalchilari taqdirlandilar. Ushbu tanlovda O‘zbek jang san'ati federatsiyasi vakili Zuxra Umurzoqova 1-o‘rinni, ushuchi Darya Latishova 2-o‘rinni va Karate federatsiyasi vakili Maxliyo Shomurotova 3-o‘rinni egalladi.

“Eng yaxshi texnika” yo‘nalishida o‘zbek jang san'ati vakili Moxira Abduxalimova eng yaxshi deb topildi. “Eng yaxshi musiqali jo‘r” yo‘nalishida xapkido vakili Mexrangiz Najmiddinova g‘olib bo‘ldi. “Artistikligi uchun” bosh mukofotni Karate federatsiyasi vakili Sarvinozxon Ozodxonova qo‘lga kiritdi.

Top