10:10 / 30.11.2015
3021

O‘zbekiston vakili shaxmat bo‘yicha Markaziy Osiyo kubogi g‘olibi bo‘ldi

Qozog‘istonning Olmaota shahrida standart shaxmat bo‘yicha “IV Central Asia Cup 2015”, Markaziy Osiyo kubogi bo‘lib o‘tdi. FIDe prezidenti Kirsan Ilyumjinov sovrini uchun o‘tkazilgan musobaqada Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston terma jamoalari shaxmatchilari ishtirok etishdi.

Ayollar o‘rtasidagi bahslarda O‘zbekiston vakili, shu yil 20 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida mutloq Osiyo chempioni bo‘lgan Gulruhbegim Tohirjonova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni yana bir o‘zbekistonlik Sarvinoz Qurbonboyeva egalladi. Bu haqda olamsport.com xabar bergan.

Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda O‘zbekiston terma jamoasi a'zolariga sovrinli o‘rinlarni egallash nasib etmadi. To‘qqiz imkoniyatdan 7,5 ochko to‘plagan qozog‘istonlik Rinat Jumaboyev Markaziy Osiyo chempioni bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni tojikistonlik Farrux Amanatov egallagan bo‘lsa, kuchli uchlikka yana bir mezbon shaxmatchi Petr Kostenko yakun yasadi.

O‘zbekiston vakillari orasidan eng yaxshi natijani Temur Igonin ko‘rsatdi. U 9 imkoniyatdan 6,5 ochko jamg‘arib, oltinchi o‘rinni band etgan. Yosh grossmeyter Jahongir Vohidov esa to‘qqizinchi o‘rin bilan kifoyalandi.

Ma'lumot uchun, Qozog‘iston terma jamoasi ilk bor Markaziy Osiyo kubogini qo‘lga kiritdi. Bundan avvalgi uchta musobaqada ketma-ket O‘zbekiston terma jamoasi ushbu kubokka ega chiqqandi.

Top